Oqqoʻrgʻon tumanida Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov turli tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qabul qilib, ularning murojaatlari va takliflarini tingladi.
Mavjud muammolarni mutasaddi boshqarmalar rahbarlari, tijorat banklari va soliq organlari vakillari ishtirokida hal etish choralari koʻrildi.
Tadbirkorlar ishtirokidagi qabulda 100 ga yaqin ishbilarmonlarning murojaati tinglandi. Xususan, yer ajratish, kredit, elektr taʼminoti, soliq imtiyozlari kabi 10 ga yaqin masalalar koʻrib chiqildi.
– Qurilish uchun gips mahsulotlari ishlab chiqaramiz, — deydi “Erkin dizayn” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Erkin Murodov. — Faoliyatimizni yana-da rivojlantirish uchun qoʻshimcha yer maydoni kerak boʻlyapti. Sababi tayyorlayotgan mahsulotlarimizni reklama qilish maqsadida shourum tashkil etish va mijozlarga namoyish qilish lozim boʻlyapti. Viloyat hokimi mutasaddilar bilan birga huquqiy maslahat berdi. Masalamiz ijobiy hal qilinadigan boʻldi.
– Yoʻlovchi tashuvchi avtomobillarga litsenziya berish bilan shugʻullanamiz, — deydi “Mustang lyuks” MCHJ rahbari Jahongir Aliqulov. — Oxirgi paytlarda yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarida litsenziyasiz taksilar koʻpayib ketdi. Ayrim fuqarolar bilan gaplashganimizda 2 ming soʻmlik joyga hatto 7 ming soʻm pul olayotgan taksilar borligini aytishdi. Hozir Oqqoʻrgʻon tumanida 9 ta yoʻlovchi tashish yoʻnalishlari bor. Biroq yuqoridagi kabi muammolar tufayli mijozlarimiz belgilangan toʻlovlarni oʻz vaqtida berishga qiynalyapti. Qabul davomida tuman hokimi taʼkidlashicha, yaqinda hududda yangi shohbekat ochilishi va mavjud muammolarni bartaraf etilishi boʻyicha masʼullar jalb etiladigan boʻldi.
Elbek SHOYIM,
jurnalist