“Advice.uz” huquqiy axborot portalining ijobiy tajribasidan kelib chiqqan holda Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur yangi axborot portali tadbirkorlar uchun bir qator qulayliklar yaratib beradi.

Birinchidan, tadbirkorlar oʻz faoliyati davomida duch keladigan masalalarni xalqchil va amaliyotga bogʻlangan holda tushuntirishga qaratilgan mingga yaqin huquqiy maʼlumotlar portalga joylashtirilgan.

Xususan, huquqiy maʼlumotlarda tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtish tartibi, yer olish, mehnat munosabatlari, infratuzilmalarga ulanish, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari, bank, soliq va bojxona qonunchiligiga oid normalar aks ettirilgan.

Shuningdek, portalga joylashtirilgan maʼlumotlar yuzasidan 20 dan ortiq vazirlik, idoralar va jamoat tashkilotlarining takliflari olingan.

Ikkinchidan, portalda huquqiy maʼlumotlarni joylashtirish bilan cheklanilmasdan, tadbirkorlik faoliyati uchun zarur boʻladigan hujjatlarning namunaviy shakllari ham berilgan.

Masalan, banklarga taqdim etiladigan toʻlov hujjatlari, xodimlarni ishga qabul qilish boʻyicha mehnat shartnomasining va boshqa shu kabi hujjatlarning namunalari erkin foydalanish uchun joylashtirilgan.

Uchinchidan, portal orqali tadbirkorlarning onlayn murojaatlari qabul qilinadi va ularning mavjud huquqiy muammolari yuzasidan qisqa muddatlarga yechimlar va maslahatlar beriladi.

Ushbu vazifani amalga oshirish uchun portalni yuritishga masʼul boʻlgan turli sohalarda malaka va ish tajribasiga ega boʻlgan 20 ta ekspertlar jalb etiladi.

Toʻrtinchidan, portalni yuritishga masʼul qilib belgilanishi rejalashtirilayotgan idora oʻz faoliyatini doimiy asosda olib boradi. Bu haqida tegishli hujjat loyihasi hozirgi kunda tayyorlanmoqda.

Ushbu hujjat orqali masʼul idora:

– tadbirkorlarning kelib tushayotgan va ular eng koʻp duch kelayotgan huquqiy muammolarni tizimlashtirgan holda oʻz takliflarini tegishli tashkilotlarga yuborish;

– xorijiy investorlar uchun respublika hududlarining oʻziga xos investitsiyaviy muhiti hamda investitsiya kiritish uchun qulay boʻlgan soha va yoʻnalishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni xorijiy tillarda shakllantirish;

– portalga joylashtirilgan maʼlumotlarning aktualligini taʼminlab, ularni doimiy ravishda yangilab borish kabi vazifalarni amalga oshirishi nazarda tutilmoqda.

“Biznesga maslahat” axborot portali bilan tanishish uchun quyidagi havolaga oʻtishingiz mumkin https://b-advice.uz/, shuningdek portalning mobil ilovasi ham ishlab chiqilgan boʻlib, oʻz mobil qurilmangizga yuklab olishingiz mumkin https://apps.apple.com/us/app/id1533252839.

 

Adliya vazirligi jamoatchilik bilan

aloqalar boʻlimi