Tadbirkorlar elektr va gazga noqonuniy ulanib, davlatga jami 5,6 mlrd soʻm zarar yetkazdi

    Har ikki holat boʻyicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Samarqand viloyatidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan viloyatda energiya resurslaridan qonuniy va maqsadli foydalanish yuzasidan oʻtkazilayotgan tadbirlarda elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanib olganlar aniqlanmoqda.

    Xususan, DXX viloyat boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida olib borilgan tezkor harakatlar natijasida Kattaqoʻrgʻon tumani Kumushkent mahallasida fuqaro G.J. rahbarligida chiqindilarni qayta ishlash faoliyati bilan shugʻullanuvchi “M.Q.B” MCHJga qarashli sex elektr energiyasi tarmogʻiga noqonuniy ravishda ulangani maʼlum boʻldi. Tadbirkor bu harakati orqali davlat byudjetiga 3,2 milliard soʻm miqdorida zarar yetkazgani aniqlandi.

    DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi tadbir davomida 1993-yilda Paxtachi tumanida tugʻilgan Sh.J. oʻzi rahbarlik qilayotgan “J.M.T.” MCHJ binosiga 800 xonadonni tabiiy gaz bilan taʼminlab kelayotgan “Jahonobod-Mirkan” tabiiy gaz tarmogʻidan noqonuniy tarzda tarmoq tortib kelgan.

    U oʻgʻirganlan gaz orqali 4 ta yirik xumdonda ohak mahsuloti ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullangan. Hisob-kitoblarga koʻra, Sh.J. tomonidan davlat byudjetiga jami 2,4 milliard soʻm miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlanib, hujjatlar rasmiylashtirildi.

    Har ikki holat boʻyicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.