Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlik subyektlariga Korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasi aʼzoligiga qoʻshilish sertifikatlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining qoʻshma qaroriga asosan qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasi aʼzoligiga qoʻshilish va yagona Reestrni yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning Xartiyaga qoʻshilish toʻgʻrisidagi bildirishnomalarini koʻrib chiqish boʻyicha Palata huzurida Maxsus komissiya tuzilgan.
Maxsus komissiya tomonidan joriy yilning 1-fevral kuni ilk bor respublika boʻyicha 50 nafar tadbirkorlik subyektlarining Xartiyaga qoʻshilish boʻyicha bildirishnomalari koʻrib chiqilib, ularga Xartiyaga aʼzolik sertifikati berish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori oʻrinbosari T.Xaydarov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J.Urinov ishtirok etib, biznes vakillari faoliyati uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, Xartiyani asosiy maqsad va korrupsiya xavflarining oldini olishdagi roli haqida soʻzlab berishdi.
Xartiya — tadbirkorlik subyektining moliyaviy faoliyatini boshqarish, shartnoma munosabatlari, kadrlarni tanlash va oʻqitish, ichki intizom va qonuniylikni mustahkamlash, davlat xaridlari kabi muhim yoʻnalishlarda korrupsiya xavflarining oldini olishga qaratilgan kompleks choralarni oʻz ichiga olgan. Xartiya normalarining amaliyotga joriy etilishi xususiy sektorda korrupsiyaning oldini olish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, “halol” tadbirkorlarni ragʻbatlantirish tizimini joriy etish imkonini beradi.