Tadbirkorlar O'zbekistonda biznesni rivojlantirish istiqbollarini ijobiy baholamoqda

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadbirkorlar o'rtasida navbatdagi so'rovnomani o'tkazdi. Xo'sh, O'zbekistonda tadbirkorlik muhitining bugungi holati qanday?

    Ikki yo'nalish bo'yicha o'tkazilgan so'rovnomada 1500 dan ortiq tadbirkorlik sub'ekti vakillari ishtirok etdi. Unda biznesning hozirgi holatini sifatli baholash va tadbirkorlarning kelgusi uch oy davomida o'z biznesni rivojlantirish istiqbollariga bo'lgan umidlari o'rganildi.

    So'rovnoma natijalariga ko'ra, avgust oyida ishbilarmonlik muhitining jamlangan ko'rsatkichi o'tgan oyga nisbatan 11 punktga yaxshilanib, 64 punktni tashkil etdi. Bu mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti holatini ijobiy, deb baholashga asos bo'ladi.

    Indeksning yaxshilanishiga qishloq xo'jaligida (45 dan 65 punktgacha o'sish) va sanoatda (47 dan 67 punktgacha) ishbilarmonlik muhiti ko'rsatkichlarining ijobiy dinamikasi sezilarli ta'sir ko'rsatdi. Xizmat ko'rsatish sohasidagi ishbilarmonlik muhiti ko'rsatkichi 63 punktda o'zgarishsiz qoldi.

    Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tatsyorgarlik ko'rish jarayonida 8,5 ming yakka tartibdagi tadbirkor muammolari hal qilingani va avgust oyida bo'lib o'tgan uchrashuvda bildirilgan qo'shimcha qo'llab-quvvatlash choralari biznesning hozirgi holati ko'rsatkichini (39 punktdan 55 punktgacha o'sish) va rivojlanish istiqbollarini kutish ko'rsatkichini (69 punktdan 74 punktgacha o'sish) sezilarli darajada yaxshiladi.

    Tarmoqlar kesimida hozirgi holat ko'rsatkichining keskin o'sishi qishloq xo'jaligi (+30 punk) va sanoat sohasida (+29 punkt) qayd etildi.

    O'z biznesining hozirgi holatini yaxshi, deb qayd etgan respondentlarning ulushi 43 foizdan 49 foizgacha oshdi va aksincha, yomonlashganini qayd etgan respondentlar soni 17 foizdan 12 foizgacha kamaydi.

    Korxonalarning 26 foizi o'z ishchilari sonini ko'paytirdi va 46 foizi o'z tovarlari/xizmatlariga bo'lgan talabning o'sishini qayd etdi.

    Keyingi 3 oy ichida biznesni rivojlantirish istiqbollarining optimistik taxminlari korxonalarning 73 foizi o'z biznes istiqbollari yaxshilanganini, 69 foizi tovar va xizmatlarga talabning yanada o'sishini kutishi va 66 foizi ishchilar sonini ko'paytirishni rejalashtirishi bilan tavsiflanadi.

    Mavjud vaziyat qiymatlari va taxminlar o'rtasidagi munosabatlar tahlili shuni ko'rsatadiki, tadbirkorlik sub'ektlarining baholariga ko'ra, iqtisodiy rivojlanishdagi ijobiy tendentsiya keyingi 3 oy ichida davom etadi.

    Feruzbek Davletov,

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi