Viloyatning to‘rtta sektor rahbarlari, tijorat banklari va soliq organlari vakillari ishtirok etgan sayyor uchrashuvda 32 nafar tadbirkorning yer ajratish, kredit, kommunal tarmoq, logistika masalalari va soliq imtiyozlari kabi ko‘plab masalalari ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning bir qismi joyida hal etildi.

– Ayrim masalalar bo‘yicha mas'ul tashkilot vakillariga muddat berildi, – deydi Chinoz tumani hokimi Botir Alimbekov. – Qolaversa, hududdagi yirik ishlab chiqaruvchilar kredit ta'minoti, uning imtiyozli muddatini uzaytirish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tijorat banklari vakillari bilan yaqindan gaplashib olishdi. Bundan tashqari, bugungi tadbirda faoliyatini boshlash arafasida yurgan ishlab chiqaruvchilarga ham amaliy yordam berildi.

– Bir necha yildan buyon xalqaro yuk tashish logistikasi bo‘yicha faoliyatimizni olib boryapmiz boryapmiz, — deydi "Iborat Logistika " mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Muhiddin Yoqubov. — Mazkur soha mamlakatimizda endi ommalashyapti. Xorijiy davlatlarda ko‘plab hamkorlarimiz bor. Ular bilan yangi investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun ayrim muammolarimiz bor edi. Hozir 60 ta ish o‘rni yaratganmiz. Viloyat hokimi mutasaddilar bilan birga huquqiy maslahat berdi. Masalamizni ijobiy hal qiladigan bo‘ldi.

Tadbirda o‘z biznesni endi boshlayotgan yoshlar ham faol qatnashib, taklif va muammolarini aytib o‘tdi. Jumladan, “Eko and Lend” MChJ rahbari Hislat Muhammadaliev qog‘ozni qayta ishlash sexi tashkil etib, uning uchun zarur bo‘lgan barcha jihozlarni joylashtirgan edi. Yetarli aylanma mablag‘i bo‘lmagani uchun ishlab chiqarish haligacha to‘xtab yotibdi. Uning ta'kidlashicha, mazkur loyiha ishga tushishi orqali mahallasidagi 10 nafar ishsiz yoshlarning bandligini ta'minlashi mumkin. Viloyat hokimi bilan suhbat dovomida bu tadbirkorning 100 million so‘mga yaqin kredit olishiga yordam beriladigan bo‘ldi.

Yechimi vaqt talab qiladigan ayrim murojaatlarning ijrosi yuzasidan tegishliligi bo‘yicha mas'ul mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.