Nizomga koʻra, tadbirkorlar tomonidan yoʻllarda qoida buzilishini foto va video qayd etish tizimi oʻrnatilishi mumkin boʻlgan joylarning elektron onlayn-auksionlari “E-IJRO AUKSION” orqali amalga oshiriladi.
Tizim elektron onlayn-auksionlarda gʻolib boʻlgan tadbirkorlar tomonidan oʻzlariga biriktirilgan obyektlarda oʻrnatiladi.
Obyekt tadbirkorlarga mulk huquqi asosida cheklanmagan muddatga, boshqa tadbirkorlarga oʻtkazish huquqi bilan biriktiriladi.
Tizim Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining axborot tizimiga majburiy tartibda integratsiya qilinadi.
Tizim oʻrnatilgandan soʻng 10 kun davomida sinov tariqasida ishlatilib, ushbu davrda qayd etilgan qoidabuzarliklar boʻyicha jarima undirilmaydi.
Tizim qoidabuzarliklarni aniqlashda uch va undan ortiq marotaba xatolikni qayd etsa, obyektga nisbatan mulk huquqi sud tartibida bekor qilinishi mumkin.
Tizim tomonidan qoidabuzarliklar notoʻgʻri aniqlanganda, tadbirkorlar ularni sodir etgan deb topilgan shaxsga yetkazilgan barcha moddiy zararni qoplashga majbur.
Qarorga koʻra, tizim orqali qayd etilgan qoidabuzarliklardan undirilgan jarima summasining tadbirkorga oʻtkaziladigan miqdori quyidagicha:
➖ tizim ishga tushirilgandan boshlab 1 yil davomida – 50 foizi;
➖ ishga tushirilganidan 1 yil oʻtgandan soʻng – 25 foizi.
Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tizimning oʻrnatilishi va ekspluatatsiya qilinishini nazorat qiluvchi vakolatli organ hisoblanadi.