Oʻz oʻrnida yangi bozorlarga chiqib borayotgan tadbirkorlarimizda tashqi iqtisodiy faoliyat olib borish va xorijiy investorlarni jalb qilish borasida turli savollar paydo boʻlishi mumkin. Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshligʻi Shoxrux Sulaymonov tadbirkorlarga tashqi iqtisodiy faoliyat olib borishdagi yengilliklar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

— Oʻzbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni qanchaga yetdi?

— 2017-yilga nisbatan 2022-yilda kiritilgan xorijiy sarmoyalar hajmi 3 barobarga oshib, 10 mlrd dollarni tashkil etdi.

2023-yil 1-avgust holatiga koʻra, Oʻzbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 2018-yilning mos davriga nisbatan 2 baravar koʻpaydi – 6 468 tadan 12 771 tagacha.

— Biznes subyektlariga tashqi iqtisodiy faoliyat olib borish va xorijiy investorlarni jalb qilishda qanday qulayliklar yaratilmoqda?

— Mamlakatimizda tadbirkorlarga bir qator imtiyozlar berilmoqda, shuningdek, xorijiy investorlarni jalb qilish imkoniyatlari kengaymoqda, xususan, tashqi savdoni erkinlashtirish yoʻlida, investorlar uchun zarur boʻlgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi. Bojxona hududida qayta ishlashning soddalashgan tartibi joriy etildi. Yangi–yangi bozorlarga kirish maqsadida Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilish jarayoni jadallashtirildi.

— Tovarlar eksportini amalga oshirishda qanday oʻzgarishlar yuz beryapti?

— Tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida tovarlar eksportini amalga oshirilishiga ruxsat berildi, tovarlar eksportini kafolatlangan toʻlovni taʼminlash boʻyicha talab hamda valyuta tushumidagi majburiy sotish amaliyoti bekor qilindi, shuningdek, tovarlar eksportida tashish xarajatlarini qisman kompensatsiya qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Qolaversa, tovarlarni import qilmasdan uchinchi davlatga toʻgʻridan–toʻgʻri sotish amaliyoti joriy etildi, meva-sabzavot mahsulotlarining qiymatini eksportda erkin belgilash amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Natijada, 2019-2022-yillarda mamlakatimiz eksporti yiliga oʻrtacha 12 foizdan oʻsib bordi. Eksport qiluvchi korxonalar faoliyatini qoʻllab–quvvatlash maqsadida tashqi savdo jarayonini soddalashtirish boʻyicha bir qator tub oʻzgarishlar amalga oshirildi va 60 dan ortiq normativ–huquqiy hujjatlar qabul qilindi.