Mamlakatimizda eksport salohiyatini oshirish, eksportchi korxonalarni moliyaviy qo'llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, milliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlash va valyuta tushumlarini ko'paytirishga alohida ahamiyat qaratilyapti. Bunda ishbilarmonlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyat, imtiyoz va yengilliklar muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda.
Xususan, o'tgan yili pandemiya davrida to'qimachilik korxonalariga eksportdan valyuta tushumini kutmasdan, qo'shilgan qiymat solig'ini qaytarib berish tartibi amalda o'z samarasini berdi. 482 ta korxonaga qariyb 2 trillion so'm qaytarildi. endilikda joriy yilning 1 oktyabridan Boshlab ushbu tartib barcha tarmoqlarning halol ishlaydigan va intizomli boshqa eksportyorlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Sir emaski, ko'plab eksport qiluvchi korxonalarning asosiy muammolaridan biri, bu — aylanma mablag' etishmasligi edi. Tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyat qismini ham ayni shu masala tashkil etardi. Bu borada o'tgan yili eksportni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tashkil etilib, eksport uchun 1 million dollargacha moliyalashtirish mexanizmlari yo'lga qo'yilgani ayni muddao bo'ldi. Chunki bu tizimdan 200 ta korxona unumli foydalanib, qo'shimcha 210 million dollarlik mahsulotlarini chetga eksport qildi.
Mahsulotlarning raqobatbardosh bo'lishi, yangi bozorlarga chiqishi, umuman, hududlararo savdo va kooperatsiya aloqalarini bog'lashda transport-logistika masalalari muhim o'rin tutadi. Bu borada transport yo'laklarini rivojlantirish, yuklarni bojxona orqali o'tkazishni soddalashtirish va raqamlashtirish, transport xarajatlarini qisman qoplash tizimini yo'lga qo'yildi. Bu tizim orqali, yil boshidan buyon 3 mingdan ziyod eksportyorga 200 milliard so'mlik moliyaviy yordam ko'rsatilishi tufayli qariyb 800 million dollarlik eksport amalga oshirildi.
Yil yakuniga qadar esa ushbu korxonalar tomonidan eksport hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo'yicha tizimli ishlar izchil davom ettiriladi. Buning uchun, yuk avtomobillarini olib kirishga 2 yil avval bojxona imtiyozlari berilgani hisobidan avtotransportda tashish xizmatlari 2 barobar arzonlashdi, yuk hajmi esa, 1,5 marta oshdi. Lekin bu imtiyoz 4 oydan keyin tugaydi. Tadbirkorlardan ushbu bojxona imtiyozlarini uzaytirish bo'yicha kelib tushayotgan takliflar inobatga olinib, imtiyozlar yana 3 yilga uzaytiriladigan bo'ldi.
Prezidentimizning joriy yil 7-sentyabrdagi “eksportchi korxonalarni rag'batlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni tadbirkorlar uchun yangi davrni boshlab berdi, desak mubolag'a emas.
Ma'lumki, davlatimiz rahbarining 2020-yil 21-oktyabrdagi “eksport faoliyatini moliyaviy qo'llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni, 2021-yil 13-iyuldagi “eksport faoliyatini moliyaviy qo'llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish to'g'risida”gi qaroriga asosan, eksport bilan bog'liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasidan eksportni rag'batlantirish agentligi huzuridagi eksportni qo'llab-quvvatlash jamg'armasiga 200 million AQSH dollari ajratilgan edi.
2021-yil 1-oktyabrdan boshlab eksportni rag'batlantirish agentligi tomonidan yillik eksport hajmi 20 million AQSH dollaridan oshgan korxonalarga eksport bilan bog'liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun tijorat banklari orqali bir martalik moliyaviy resurslar 5 million AQSH dollarigacha miqdorda hamda bir yilgacha bo'lgan muddatda taqdim etiladi.
E'tiborga molik jihati, oxirgi o'n ikki oy davomida 1 million AQSH dollaridan ortiq tayyor to'qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan korxonalarga asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar olib kirishda bojxona to'lovlarini to'lash bo'yicha foiz hisoblanmagan hamda ularning to'lanishini ta'minlash talab etilmagan holda 120 kunga to'lovni kechiktirish (bo'lib-bo'lib to'lash) imkoniyati beriladi.
Farmonda belgilab qo'yilganidek, tashqi savdo operatsiyalari bo'yicha muddati o'tgan debitor qarzdorlik uchun xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga nisbatan jarimalar qo'llanilishi, shuningdek, ushbu farmon kuchga kirguniga qadar qo'llanilgan jarimalar undirilishi 2021-yil 31-dekabrga qadar to'xtatiladi.
Joriy yil 1-oktyabrdan esa yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyo, o'lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko'tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talabi bekor qilinadi.
Endilikda farmonga binoan, eksportni rag'batlantirish agentligi tomonidan tijorat banklariga eksport bilan bog'liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik moliyaviy resurslar taqdim etish tartibiga tegishli o'zgartirishlar kiritilib, Evropa mamlakatlariga qo'shilgan qiymati yuqori bo'lgan mahsulotlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini kompensatsiya qilish tizimi bir yil muddatga joriy etiladi.
Shu bilan birga, mazkur hujjat bilan sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyolar, o'lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko'tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talab qilinmaydigan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega davlatlar ro'yxati ham tasdiqlandi.
Bir so'z bilan aytganda, respublika ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining hozirgi bosqichida eksport hajmlarini ko'paytirish orqali makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash eng dolzarb vazifalardan sanaladi. Mazkur hujjat ijrosi esa respublikamizning eksport salohiyatini oshirishi, eksportchi korxonalarni moliyaviy qo'llab-quvvatlashi barobarida ularning “O'zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig'i ostidagi mahsulotlari etib boradigan mamlakatlar geografiyasining yanada kengayishiga ham xizmat qiladi.
Abdulla RO'ZMETOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati