Tadbirkorlarni sarson qilgan bank mas'ullariga chora ko'rildi

    Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug'bek Qosimov rahbarligida viloyat shtabining navbatdagi kechki muhokama yig'ilishi bo'lib o'tdi.

    Unda viloyatda ish o'rinlarini yaratish, investitsiya dasturlarining ijrosi, maktablarning isitish tizimining o'rganish natijalari, shuningdek, aholi va ijtimoiy soha obyektlarining energoresurslar bilan ta'minlashdagi kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish bo'yicha olib borilgan ishlar muhokama qilindi.

    Aholi bandligini ta'minlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Buning uchun ish o'rinlarini yaratilishida katta rol o'ynaydigan investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarni ishga tushirilishi muhim hisoblanadi. Shu sababdan Ulug'bek Qosimov bugungi shtab muhokamasida dastlab investitsiya dasturlarining ijrosi, ish o'rinlarining yaratilishi ahvolini tahlil qildi.

    Hududlar rahbarlari tomonidan tadbirkorlar tashabbuslari yetarli qo'llab-quvvatlanmaganligi, tijorat banklari tomonidan o'z vaqtida kreditlar ajratilmaganligi natijasi ayrim loyihalar ishga tushmagan va istiqbolsiz holga kelib qolgan. Bu borada ishlarni to'g'ri tashkil qilmagan hududlar, kredit mablag'larini ajratmay tadbirkorlarni sarson qilayotgan tijorat banklari rahbarlari faoliyati tanqid qilindi.

    Tadbirkorlarga kredit mablag'larini o'z vaqtida ajratilishini ta'minlamagan Xalq banki, Mikrokreditbank, Agrobank, Milliy bank, Ipoteka bank, Qishloq qurilish bank, Sanoatqurilish bank, Turonbankning viloyat filiali rahbarlari rasman ogohlantirildi. Xalq bankining kredit bo'limi boshlig'i vazifasidan ozod etildi va Mikrokreditbankning kredit bo'lim boshlig'iga “hayfsan” intizomiy jazosi berildi.

    Shuningdek, investitsiya dasturi ijrosini o'z holiga tashlab qo'yganligi uchun Termiz shahar hokimining investitsiya masalalari bo'yicha o'rinbosariga “xayfsan” intizomiy jazo chorasi qo'llanildi.

    Bugun ertalab o'tkazilgan shtab muhokamasida viloyat shtabi vakillari, boshqarma, idora va korxonalar rahbarlari hamda mahalliy hokimliklar mutasaddilari viloyatdagi maktablarga biriktirilib, isitish tizimini o'rganib chiqish, aniqlangan muammolarni shahar va tumanlar hokimliklari va sektor rahbarlari bilan birgalikda bartaraf etish bo'yicha topshiriqlar berilgan edi. Ushbu topshiriq ijrosi bo'yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mas'ullarning axborotlari tinglandi.

    Jumladan, Qiziriq tumanidagi 8-sonli maktabda isitish tizimi o'rganilganda mahalliy hokimlik tomonidan barcha sharoitlar yaratilishiga qaramay maktab direktori tomonidan ishlar to'g'ri tashkil etilmaganligi sababli o'quv xonalari yetarli darajada isitilmagan. O'z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, o'quvchilarning tahsil olishlari uchun sharoitlarni yaratib bermagan 8-sonli maktab direktorini vazifasidan ozod etish bo'yicha ko'rsatma berildi.

    Viloyatdagi barcha maktablarning isitish tizimi barqaror ishlashini ta'minlash, muammolar yuzaga kelgan taqdirda tezkor bartaraf etish bo'yicha sektor rahbarlariga topshiriqlar berildi.

    Har bir berilayotgan topshiriqlar nazorat ostida ekanligi, ijro intizomiga qa'tiy rioya qilmagan rahbarlarga nisbatan keskin choralar ko'rilishi ta'kidlandi.