Tadbirkorlarning mablagʻlarini oʻzlashtirgan shaxslar aniqlandi

    Avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi sobiq hisobchisi M.X. va boshqalar gaz sotuvidan tushgan jami 977,7 mln soʻmni MCHJning hisob-raqamiga kirim qilmasdan oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bekobod tuman boʻlimi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “S.I.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi sobiq hisobchisi M.X. va boshqalar avtomobillarga gaz sotuvidan tushgan jami 977,7 mln soʻmni MCHJning hisob-raqamiga kirim qilmasdan oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

    Shu kabi, Departamentning Navoiy shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “F.-F.” MCHJning omborxona masʼul shaxslari oʻzlariga ishonib topshirilgan 5 518 xil turdagi dori vositalarini sotib yuborib, jami 515,1 mln soʻmni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.