Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tuman boʻlimi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “E.S.” MCHJ va “E.I.” MCHJlarning ombor mudiri F.R. ushbu korxonaga tegishli 215,1 mln soʻmlik xoʻjalik mahsulotlarini naqd pulga sotib yuborib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Shu kabi, Shayxontohur tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “C-T.” MCHJ savdo menejeri A.T. 49 nafar fuqaroning sayyohlik yoʻllanmasi uchun toʻlangan 207,2 mln soʻm naqd pulni kirim qilmasdan oʻz ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi aniqlangan.

Departamentning Quvasoy shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Y.K.” MCHJning Uychi tumani filiali rahbari U.X. va kassiri O.A. korxonaning maishiy texnika mahsulotlarini sotuvidan tushgan 109,4 mln soʻmni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.