Kodeks loyihasi 6 boʻlim, 33 bob, 573 moddadan iborat. Kodeksning nomlanishi uning tartibga solish predmetidan kelib chiqib, Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeks deb oʻzgartirilmoqda. Maʼnan eskirgan, amalda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan yoki fuqarolik va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan 33 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar Kodeksdan chiqarilmoqda. Oʻz navbatida 12 ta yangi turdagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Kodeks loyihasi bilan tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq ayrim huquqbuzarliklar maʼmuriy huquqbuzarliklar tizimidan chiqarilib, tadbirkorlik huquqiy taʼsir choralarini samarali qoʻllash maqsadida ishlarni koʻrib chiqishni “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonun doirasida amalga oshirish qonunchilik tashabbusi subyekti tomonidan taklif etilmoqda.
Shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha ish yuritishning protsessual tartibi takomillashtirilmoqda. Yaʼni, protsess ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini maqbullashtirish, huquqbuzarlikni soddalashtirilgan tartibda koʻrib chiqish, yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun rasman ogohlantirish hamda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma tuzishga vakolatli boʻlgan organlar va mansabdor shaxslar toifasini maqbullashtirish koʻzda tutilmoqda.
Maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish yuritish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish kodeks loyihasida oʻz aksini topmoqda.
Mazkur kodeks loyihasining qabul qilinishi bilan fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari va erkinliklarini taʼminlash kafolatlari kuchaytiriladi. Shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarliklar yuzasidan ish yuritish tizimi takomillashtirilib, mazkur ish yuritish tizimidagi ortiqcha tartib-taomillar bekor qilinadi, maʼmuriy huquqbuzarlik yuzasidan jazoga tortish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat berish tartib-taomillari takomillashtiriladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.