“Dunyo savdo ahli ila oboddir”. Mana, necha asrlar avval Sohibqiron Amir Temur ta'kidlagan ushbu hikmat bugungi kunda yanada chuqur ma'nomazmun kasb etyapti. Zero, iqtisodiyotimizning etakchi sohalariga aylangan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik, hunarmandchilik davlatimiz, jamiyatimiz rivojida hal qiluvchi vazifani o'tamoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bu yo'nalishda qabul qilinayotgan qarorlar esa kichik va o'rta qatlam vakillarini har tomonlama qo'llabquvvatlash, moddiy hamda ma'naviy rag'batlantirish, ilg'or tajribalarni ommalashtirish, yoshlarda tadbirkorlikka ishtiyoq uyg'otishga xizmat qilayotgani bilan yanada ahamiyatlidir.
“Yoshlar — kelajagimiz” jamg'armasining biznes tashabbuslar, startap g'oyalar va loyi halarni ro'yobga chiqarishga ko'maklashish, band bo'lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko'nikmalariga o'qitish borasida olib borayotgan ishlari yoshlarga oid masalalarning hamisha davlat e'tiborida ekaniga yaqqol dalildir.
Davlatimiz rahbari o'tgan yilning dekabr` oyida o'tkazilgan O'zbekiston yoshlari forumida “Yaqinda o'tkazilgan ijtimoiy so'rovlar aksariyat yoshlarimizda ijobiy motivatsiya, biznes va tadbirkorlik sohasida zarur bilim va malaka etishmasligini ko'rsatdi. Demak, ularga tadbirkorlik asoslarini o'rgatishga qaratilgan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz lozim”, deya alohida ta'kidladi.
— Prezidentimizning mana shu gapi faoliyatimizni yangidan ko'rib chiqishga undadi. 2021 yil boshidan buyon yurtimiz bo'ylab yoshlarga o'zining turmush sharoitini yaxshilash, kasb-hunar va tadbirkorlik bilan shug'ullanish orqali daromad topish hamda bunday faoliyatni yo'lga qo'yishning amaliy jihatlarini o'rgatishga qaratilgan “Biznes marafon” motivatsion treninglarini o'tkazib kelyapmiz, — deydi “Yoshlar — kelajagimiz” jamg'armasi ijrochi direktori Xayrulla Sattorov. — Tadbirlar yanada samarali bo'lishi uchun xalqaro va mahalliy miqyosdagi nufuzli notiqlar, etakchi tadbirkorlar jalb etilmoqda. Biz navqiron avlodni tadbirkorlikka faol jalb etish orqali o'zini o'zi rivojlantirishga kuchli motivatsiya uyg'otishni maqsad qilganmiz.
“Biznes marafon” tadbirlarida shu kungacha 30 ming nafardan ziyod yosh tadbirkor, uyushmagan yoshlar, talabalar ishtirok etdi. Quvonarlisi, ularning 8 ming nafarga yaqini qizlar. “Biznes marafon” doirasidagi motivatsion treninglar yurtimiz va xorijda muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz, tajribali tadbirkorlar va biznes trenerlar tomonidan olib borilmoqda. Treninglarda yoshlar biznesni qanday boshlash, raqobat muhitida bozorda o'z o'rnini topish, xodimlar bilan ishlashdagi usullar, ruhiy va iqtisodiy bankrotlik, barqarorlikka erishish, biznesga investitsiya kiritish kabi o'zlarini o'ylantirayotgan savollar bilan murojaat etdi.
— Yoshlarning shijoati baland. Hozirgi yigit-qizlarni o'zimning yoshligim bilan solishtiraman. Afzalligi shundaki, bugun yangilik yaratish uchun barcha sharoit bor, — deydi tadbirkor Sherzod Beknazarov. — Ular berilgan imkoniyat, imtiyoz natijasi o'laroq, har qanday biznesni qo'rqmasdan boshlashga, natija ko'rsatishga tayyor. Shijoat balqib turibdi ko'zlarida. Bundan juda xursandman. To'g'ri yo'nalish berilsa, biz 16 yilda erishgan yutuqqa yoshlar bir-ikki yilda erishishi mumkin, Yoshlarga o'zi sevgan soha bo' yicha shogird tushib, kasb-hunar o'rganishni tavsiya qilaman. Masalan, biznes g'ildiragi qanday aylanadi, degan savolga javob olgach, uni aylantirish oson kechadi. Noldan biznes boshlasa ham qiynalmaydi. Bu tajribamda o'z isbotini topgan. Shu nuqtai nazardan, yoshlar bilan o'tkazilayotgan uchrashuvlarning ahamiyati katta.
Motivatsion treninglarda yoshlar biznesga kirish, xodimlarni tanlash va boshqarish usullari, kelajak biznesi, chet tilini o'rganish, axborot texnologiyalari, onlayn biznes, marketing va menejment, bozor tahlili, biznesdagi bankrotlik, moslashuvchan biznes, tadbirkorlik qadriyatlari hamda boshqa yo'nalishlarda bilim va ko'nikmalarga ega bo'lmoqda.
O'z ishini boshlash arafasida yoki tadbirkorlikning dastlabki bosqichida turgan minglab yoshlar mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan ishbilarmonlardan biznesning yozilgan va yozilmagan qoidalarini o'rgandi. — Eng tajribali, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar o'zining tajribasi, amaliyotini bizga ko'rsatib bera oldi, — deydi Qarshi shahridagi “Taraqqiyot hamkor qurilish” MCHJ direktori Farhod Kichkinaev. — Uchrashuvdan katta motivatsiya oldim. endi o'zim ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni internet platformasi orqali sotaman.
— Tadbirkorlikning ham o'z yo'li bor, — deya fikrini davom ettirdi Xayrulla Sattorov. — Buni, ehtimol, maktab, litsey, institutda o'rgana olmasmiz. Soha sirlarini shu yo'lni bosib o'tgan tajribali tadbirkorlardan eshitish kishiga ishtiyoq beradi. Shu o'rinda “Biznes marafon” ilm izlagan yoshlar bilan ilmli odamlar o'rtasida ko'prik bo'ldi. Yoshlar reja bilan biznes boshlasa, xalqqa, jamiyatga foydasi tegsa, o'z maqsadimizga etgan bo'lamiz.
Hududlarda o'tkazilgan yoshlar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish ob'ektlariga 225 ta “Biznes sayohat”, 349 ta o'quv seminari, 145 ta motivatsion tadbir, 93 ta ko'rgazma savdo yarmarkasi, tadbirkorlik sohasiga oid konsalting xizmatlari ko'rsatish orqali 68,9 ming nafar yosh qamrab olindi. Joriy yilda esa kamida 20 ming nafar yoshni talab yuqori bo'lgan 15 ta kasb-hunar bo'yicha o'qitish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Yoshlar — kelajagimiz” jamg'armasi, “Ishga marhamat” monomarkazi va “Worldskills Uzbekistan” tashkilotlari o'rtasida onlayn platforma yaratish, metodik ta'minlash, doimiy rivojlantirish borasida hamkorlik yo'lga qo'yildi.
“Yoshlar — kelajagimiz” jamg'armasi tomonidan yoshlar o'rtasida so'rovnomalar o'tkazildi. 25 ming nafar yoshning xohish-istagini inobatga olgan holda, talab yuqori bo'lgan 15 ta kasb ro'yxati shakllantirildi.
Ayni paytda jamg'arma tomonidan tashkil etiladigan motivatsion tadbirlar, xalqaro forum va yarmarkalarda imkon qadar ko'proq yosh tadbirkorlar ishtirokini ta'minlash rejalashtirilgan.
Risolat MADIEVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri