2017-yilda mamlakatimizda 5211 ta bogʻcha faoliyat yuritgan boʻlsa, bugun ularning soni 19 ming 316 taga yetdi. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida oilaviy bogʻchalar tashkil etilishi va bu sohaga koʻplab imtiyozlar berilishi tufayli 13 mingdan ziyod nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Prezidentimizning 2019-yil 8-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori sohani yanada yuksaltirishda muhim dasturilamal vazifasini bajarmoqda. Mazkur hujjatda taʼkidlanganidek, maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish va bosqichma-bosqich izchil rivojlantirishdan maqsad bolalarni maktabga sifatli tay­yorlash, eng muhimi, sohadagi islohotlarni keng qamrab olib, ustuvor natijalarga erishishdir. Bu borada Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qilayotgan ishlar koʻlami nihoyatda keng. Yosh avlodni yangi Oʻzbekistonning munosib, fidoyi farzandlari qilib tarbiyalash oʻqituvchilar hamda tarbiyachilarning sharafli vazifasidir.

Oʻtgan yil 15-may kuni mamlakatimiz yetakchisi rahbarligida maktab taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda taʼkidlanganidek, soʻnggi yetti yilda maktabgacha va maktab taʼlimi uchun mablagʻ yetti barobar oshirilgan. 2025-yilda islohotlarni yanada jadallashtirish maqsadida sohaga 60 trillion soʻm ajratilib, maktablardagi oʻquv va tarbiya oʻrinlari bir millionga, bogʻchalarda esa 1,5 millionga yaqinlashdi. Joriy yildan boshlab maktab direktorlari, oʻrinbosarlari bilan bir qatorda bogʻcha rahbarlarining ham ish haqi oshiriladi.

Tizimda faoliyat yuritayotgan 38 ming 900 ta maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalarga qiziqarli oʻyinlar asosida berilayotgan saboqlar ilm dunyosining yangi-yangi eshiklarini ochmoqda. Masalan, maktabgacha taʼlimni kengaytirish va bolalarni innovatsion usullar bilan oʻqitishga asoslangan “Aqlvoy” ijtimoiy loyihasini tahlil qilib koʻraylik. Uning doirasida maktabgacha taʼlim tashkilotlari yetishmaydigan hududlarda bolajonlarga quvonch hadya etish maqsadida mobil bogʻcha xizmati yoʻlga qoʻyildi.

Bugun 102 ta avtobus 216 ta mahallaga borib, 9500 oʻgʻil-qizni bilimlarning sirli va moʻjizaviy olami sari yetaklayotgani quvonarli voqea, albatta. Bu tashabbus malaka oshirish hamda bilimning ilk poydevorini qoʻyishda muhim ahamiyat kasb etib, mobil avtobuslar orqali boshlangʻich taʼlimning dastlabki saboqlarini oʻqitishda tarbiyachilar uchun ishonchli tayanch va samarali yordamchi boʻlishiga hech shubha yoʻq.

Shuningdek, 50 ta “Ilk rivojlanish markazi” 5200 kichkintoyning hayotida yangi sahifa ochib, ularning tafakkurini yangi bilim va tushunchalar bilan boyitib bormoqda. “Ilk qadam” davlat taʼlim dasturi YUNICEF, Singapur, Buyuk Britaniya oliy oʻquv yurtlari, xususan, Kembrij universiteti tajribasi asosida yanada takomillashtirildi.

1746 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida “Turon kichkintoylari” teatr jamoalari tashkil etildi. Ular bolalarning ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, fikrlash qobiliyatini oshirish, nutq madaniyatini shakllantirish, kichik, bolalarbop sahna asarlarini namoyish etishda katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Hozir kattayu kichikda ekologik tushuncha va madaniyatni shakllantirish dolzarb masala boʻlib turibdi. Ushbu kechiktirib boʻlmas vazifani amalga oshirish maqsadida 3385 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida “ekologik yoʻlakcha” va “ekologik burchak”lar tashkil etilgani va tabiatni asrab-avaylash haqida saboqlar berilayotganini eʼtirof etish mumkin.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 3-7 yoshli bolalar orasida sogʻlom turmush tarzi, xavfsiz hayot, toʻgʻri ovqatlanish madaniyati asoslarini shakllantirish maqsadida “Salomatlik alifbosi” dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga keng joriy etilmoqda.

Bugun “Yangi avlod” bogʻchalarini tashkil etishga jadal kirishildi. Ular davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlib, ilgʻor xorijiy tajriba asosida turfa aqliy oʻyinlarga asoslangan taʼlim-tarbiya jarayonini amalga oshiradi. Kelajakda “Yangi avlod” bogʻchalari faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida tarbiyachi-pedagoglar va soha mutaxassislari uchun maxsus qoʻllanmalar hamda “Yangi avlod” ensiklopediyasi fundamental ilmiy-ommabop nashri ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan.

Prezidentimiz oʻtgan yili Oʻqituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigida “Hammamizga ayonki, kelajak — zamonaviy bilim bilan qurollangan kasb-hunar egalarinikidir. Biz bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim. Shu bois, yoshlarimizni davr bilan hamnafas boʻlib, har qanday raqobatga bardosh bera oladigan yetuk mutaxassislar etib tarbiyalashimiz kerak”, deya alohida taʼkidlagan edi.

Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv oʻqituvchi va murabbiylarning faoliyati mezoniga aylandi. Chindan ham biz taʼlimni oʻzgartirsak, taʼlim insonni oʻzgartiradi. Inson oʻzgarsa, butun jamiyat oʻzgaradi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, maktabgacha taʼlim va umuman, oʻqitish tizimidagi izchil islohotlar natijasi oʻlaroq, Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansga mustahkam poydevor qoʻyiladi.

Shuningdek, yosh toifalari boʻyicha milliy tarbiya modeli yaratiladi. Bolalar zamonaviy kompetensiyaga ega mutaxassis, milliy qadriyatlarga sodiq inson etib tarbiyalanadi.

Habib ABDIYEV,

Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va

mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning

malakasini oshirish instituti prorektori