“Bu — Issiqkoʻl. U yerda suv bilan osmon bir-biriga tutashib turardi. Undan narida hech nima yoʻq. Koʻl harakatsiz, shuʼlador, kimsasiz. Faqat qirgʻoqqa urilayotgan toʻlqinlarning oppoq koʻpigini arang ilgʻab olish mumkin,” deb yozadi Chingiz Aytmatov “Oq kema” asarida.

Oʻquvchilik yillarim “Oq kema”ni negadir qayta-qayta oʻqirdim. Shu nomdagi mashhur badiiy filmni ham televizordan berilganda har safar qoldirmasdan koʻrib borardim. Oʻzimcha ularni taqqoslagan, tahlil qilgan boʻlardim.

Men Chingiz Aytmatov asarlarida tas­virlangan badiiy olam shaydosi edim. Tabiiyki, bu olamdan topganlarim  — Jamila, Saidjon, Doniyor, Ilyos, Asal, Moʻmin chol, uning baliqqa aylangan nabirasi... Tanaboy, uning oti — Gulsari kabi qahramonlargina emas, keng bugʻdoyzorlar, dashtu yaylovlar, togʻu toshlar, oʻru qirlar, gulu giyohlar va yana afsonaviy Issiqkoʻl... barcha-barchasi men uchun gʻoyatda qadrli edi. Bugun esa, mana, Issiqkoʻldaman!..

Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqkoʻl xalqaro forumining 40 yillik yubiley anjumaniga taklif xati keldi. Xuddiki, menga bu xatni oq kema yetkazdi. Toʻgʻri, men Qirgʻizistonga — Bishkekka xizmat yuzasidan uch-toʻrt marotaba borganman. Issiqkoʻlga esa yoʻlim tushmagan edi. Shuning uchun boʻlsa kerak, taklif xati olganimda yosh boladay xursand boʻlib ketganimni aytmaysizmi...

Soat kechki beshlar chamasi Manas xalqaro aeroportiga qoʻndik. Bizni kutib olgan yigit oʻzini Mirsaid deb tanishtirdi va darhol shahar markazidagi mehmonxona tomon mashinani yeldirib ketdi. Uni qarangki, mehmonxona nomi “Oq kema” ekan. Bir qarashda kemani eslatib yuboradigan binodagi oʻzimizga ajratilgan xonalarga joylashdik.

“Ota beyit” — muqaddas ziyoratgoh

Ertalab xorijdan kelgan mehmonlar, qirgʻiz adiblari jam boʻlib, avtoulovlarga oʻtirib, Chingiz Aytmatov qabrini ziyorat qilish uchun “Ota beyit” ziyoratgohiga yoʻl oldik. “Ota beyit” milliy tarixiy-memorial majmuasi — qirgʻiz xalqi tarixining eng fojiali sahifalarini oʻzida jamlagan ziyoratgoh. Majmua Bishkek shahridan 30 chaqirimcha janubda, Olatov etagida joylashgan. Xalq xotirasi, milliy oʻzlikni anglash va oʻtmish qurbonlariga boʻlgan cheksiz hurmatning ramzi hisoblanmish “Ota beyit” soʻzi “otalar qabri” maʼnosini anglatadi.

Majmua xodimining hikoya qilishicha, ushbu ziyoratgohning tashkil topishi XX asrning eng mudhish sirlaridan biri ochilishi bilan bogʻliq. 1938-yilning noyabr oyida sobiq Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) tomonidan 137 nafar millat oydini — qirgʻiz xalqining fidoyi farzandlari otib tashlangan. Jasadlar esa Chontosh qishlogʻidagi gʻisht zavodining eski xumiga tashlanib, tuproq bilan koʻmib yuborilgan. Mustabid tuzum bu jinoyatni sir saqlashga uringan. Ammo bir qizaloq bu qoʻrqinchli voqealarni koʻrib qolgan. Uning bu mudhish hodisalarga guvoh boʻlganini otasidan boshqa hech kim bilmagan.

Bu sir oradan 53 yil oʻtib, 1991-yilda oshkor boʻldi. Oʻsha mashʼum voqealar guvohi boʻlgan Bubuyra Qidiraliyeva ismli ayol otasining vasiyatiga koʻra, ­ommaviy qabr jo­yini Qirgʻiziston davlat xavfsizlik tashkilotiga maʼlum qilgan. 1991-yil ­yozida olib borilgan qazishma ishlari natijasida shahid ketganlarning xoki va shaxsiy buyumlari topiladi. 1991-yil 30-avgust­da ular ushbu hududda qayta dafn etiladi. Shahid ketganlar safida ulugʻ adib Chingiz Aytmatovning otasi — Toʻraqul ­Aytmatov ham boʻlgan. Keyinchalik 2000-yilda bu yerda memorial majmua barpo etiladi.

 Shu maʼnoda, “Ota beyit” shunchaki qab­riston emas, balki tarixiy haqiqat va adolat tiklangan maskandir. Qirgʻizistonga tashrif buyuradigan xorijiy davlat rahbarlari, diplomatlar va rasmiy delegatsiyalar ushbu majmuaga kelib, qurbonlar xotirasiga hurmat bajo keltiradi. Bishkekka yoʻli tushgan ziyoli borki, bu joyni, albatta, ziyorat qiladi. Shuningdek,
8 ­noya­br Qirgʻizistonda Tarix va ajdodlarni xotirlash kuni etib belgilangan. Shu munosabat bilan bu yerda davlat darajasidagi tadbirlar oʻtkaziladi va oʻtganlar haqiga duoyu xayrlar, tilovatlar qilinadi. Biz ham bu maskanni ziyorat qilar ekanmiz, xayolimizdan oʻzimizdagi “Shahidlar xotirasi” maydoni, shoʻro qatagʻoni qurboni boʻlgan oʻzbekning gul farzandlari ­Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon, Tavallo, Munavvarqori Abdurashidxonov singari ulugʻlar oʻtdi.

Qirgʻiziston xalq shoiri ­Xoʻjageldi Kultegin 1991-yilga qadar Chingiz ­Aytmatov ham otasi qabri qayerda ekanini bilmaganini, keyinchalik ustoz adib ham oʻz vasiyatiga koʻra shu yerga qoʻyilganini iztirob bilan hikoya qilib berdi. Forum avvalida tashkil etilgan bu mahzun ziyorat qalbimizni oʻrtagani rost. Biroq bir taskin ham borki, bugun ularning qab­ri topildi. Mustabid tuzumning zulm­kor qilmishi fosh boʻldi. Mustaqillik neʼmatini asrab-avaylash uchun bunday aziz tuproqlarni ziyorat qilish eng ulugʻ ibratdir.

Qirgʻiziston durdonasi

Aytmatov asarlari orqali taniganim — Issiqkoʻlni koʻrish bolalikdan katta orzum edi. Bugun buni oʻz koʻzlarim bilan koʻrib turibman. Yozuvchi tasvirlaganicha bor ekan. Musaffo osmon, u yer-bu yerida oppoq parqu bulutlar, oq sochli togʻ choʻqqilari va ularning bagʻrida sirli ravishda mavjlanib turgan zangori koʻl... Yoʻgʻ-e, dengiz... Issiqkoʻl dengizi! Oʻzining moʻtadil, yoqimli iqlimi, musaffo havosi va qaynoq sohillari bilan dunyoga tanilgan, baland togʻlar bagʻridagi ulkan suv havzasi bugungi kunda mintaqamiz aholisi, xususan, yurtdoshlarimiz uchun sevimli dam olish maskanlaridan biriga aylanib ulgurdi. Safar davomida bir qancha vatandoshlarimiz bilan suhbatlashdik. Qirgʻizlar Issiqkoʻlni “Qirgʻiziston durdonasi” deyishadi. Menga qolsa bu joyni “Markaziy Osiyo durdonasi” deb atagan boʻlardim.

Issiqkoʻl dengiz sathidan 1607 metr balandlikda, Tyanshan togʻ tizmalari bagʻrida joylashgan. U dunyodagi eng yirik baland togʻ koʻllari roʻyxatida ­Janubiy Amerikadagi Titikaka koʻlidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Uzunligi 182 kilometr, kengligi qariyb 68 kilometrni tashkil etadi. Ushbu ulkan havzaning eng chuqur joyi 668 metrga yetadi.

Suv tarkibida tuz miqdori yuqoriligi hamda ulkan suv hajmi sababli Issiqkoʻl qahraton sovuqda ham muzlamaydi. Issiqkoʻl nomi shundan kelib chiqqan boʻlsa, ajab emas. Unga yuzdan ortiq katta-kichik togʻ daryosi quyilsa-da, birortasi oqib chiqmaydi. Bu esa koʻlning oʻziga xos tabiiy sofligi, ozodaligini va suvining nihoyatda tiniq boʻlishini taʼminlaydi.

Xullas, bu betakror tabiat moʻjizasini koʻrib, ulugʻ adib Chingiz Aytmatov anjuman oʻtkazish uchun bejiz Issiqkoʻl boʻylarini tanlamaganiga amin boʻldim.

Dunyo ziyolilarini birlashtirgan maydon

Issiqkoʻl faqat sayyohlik maskani emas, balki dunyo ziyolilarini birlashtirib kelayotgan ulkan maʼrifat-maʼnaviyat, fikr-mulohaza, taklif-tashabbus maydoni hamdir. Bundan roppa-rosa 40 yil avval, 1986-yilda dunyoga mashhur qirgʻiz adibi va mutafakkiri Chingiz Aytmatov tashabbusi bilan birinchi Issiqkoʻl xalqaro forumi tashkil etilgan edi. U paytlarda sobiq sovetlar mamlakati hukm surib turgan, qizil shoʻro tarkibidagi respublikalar bir qadargina yengil nafas olishni boshlagan pallalar boʻlgan. Ammo jilov sobiq shoʻro hukumati qoʻlida boʻlgan. Shu maʼnoda, bu forum Chingiz Aytmatovning haqiqiy maʼnodagi jasorati mahsulidir.

Birinchi uchrashuvdayoq forum dunyoning eng taniqli shoir, yozuvchi, dramaturg, olim va sanʼatkorlari boshini biriktirgan. Aytmatovning shaxsiy taklifi bilan dunyoning 17 mashhur ziyolisi anjumanda ishtirok etgan. Bular orasida Nobel mukofoti sohibi Klod Simon, mashhur adiblar Artur Miller, Jeyms Bolduin, Yashar Kamol, mashhur aktyor, dramaturg va rejissyor Piter Ustinov boʻlgan. Anjuman haqida Chingiz Aytmatov “Biz Issiqkoʻl qirgʻoqlarida shunchaki diydorlashish uchun emas, balki sayyoramiz taqdiri haqida fikr yuritish, yangicha fikrlash madaniyatini yaratish va insoniyatni maʼnaviy halokatdan qutqarish yoʻllarini birgalikda izlash uchun yigʻildik. Bu koʻl dunyo tafakkurini uygʻotuvchi beshikdir”,  degan edi.

Oradan 11 yil oʻtib, 1997-yilda yana Issiqkoʻl forumi boʻlib oʻtadi. Bu tadbirga ham Aytmatovning oʻzi bosh boʻladi. Anjumanda YUNESKOning oʻsha paytdagi Bosh kotibi, ispaniyalik olim va yozuvchi Federiko Mayor, mashhur siyosatchi ­Mixail Gorbachyov, atoqli shoir va yozuvchilar Yevgeniy Yevtushenko, Muxtor ­Shaxanov, habashistonlik mashhur ­rassom va haykaltarosh Afeverk Tekle faol ishtirok etgan. Oʻzbekistondan Oʻzbekis­ton Qahramoni, xalq yozuvchisi Toʻlepbergen Qayipbergenov, atoqli oʻzbek adiblari Ahmad Aʼzam, Salim Ashur, Amirqul Karim qatnashgan. 

2018-yil boʻlib oʻtgan Issiqkoʻl xal­qaro forumi ulugʻ adib Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bagʻishlangan edi. Mazkur anjumanda dunyoning 25 davlatidan 155 nafar taniqli yozuvchi, olim va jamoat arbobi ishtirok etgan.

Qozoq sheʼriyatining yorqin namoyan­dalaridan biri Oʻljas Sulaymonov, Oʻzbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim, tarjimon Ibrohim Gʻafurov, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekis­tonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, ayt­matovshunos olim Ahmadjon ­Meliboyev, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev kabi atoqli adib va olimlar ishtiroki oʻz vaqtida forum nufuzini oshirishga xizmat qilgan deb aytishimiz mumkin.

Birgalikda kelajak sari

Joriy yilning 18-21-iyun kunlari Issiqkoʻl xalqaro forumining navbatdagi anjumani boʻlib oʻtdi. Bu yilgi tadbir “Dunyo tamadduni burilish pallasida: birgalikda kelajak sari” shiori ostida iqlim inqirozi, suv taqchilligi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va sunʼiy intellekt (AI) asrida umuminsoniy qadriyatlarni asrab-­avaylashga bagʻishlandi. Anjumanni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ochib berdi. Forum hamisha atoqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, adabiyot va sanʼat namoyandalarini oʻz atrofida birlashtirib kelgan. Anjumanda 17 mamlakatdan saksondan ortiq vakil ishtirok etdi. Oʻzbekistondan ham nufuzli delegatsiya qatnashdi.

Bu galgi Issiqkoʻl forumida qator masalalar kun tartibiga qoʻyildi. Ushbu yubiley forum yakunida tadbirni har toʻrt yilda bir marta anʼanaviy tarzda oʻtkazish, yosh olimlar va izlanuvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro stipendiya joriy etish, BMTga Issiqkoʻl forumiga xalqaro maqom berish hamda uni global gumanizm, yadrosiz va xavfsiz dunyo gʻoyalarini ilgari surishga xizmat qiluvchi hamkor tuzilmalar qatoriga kiritish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisida murojaat etish kabi tashabbuslar boʻyicha maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.

Nufuzli anjumanda adabiyot yoʻnalishidagi Nobel mukofoti sohibi, xitoylik mashhur adib Mo Yan ham ishtirok etib, forumning tarixiy maqomiga yuqori baho berdi: “Aytmatov asos solgan bu forum insoniyat oʻzini anglashi uchun dunyoga ochilgan betakror koʻzgudir. Issiqkoʻlning sof suvi bizga global ekologik va texnologik inqirozlar davrida qalbimizni toza saqlashni eslatib turadi”.

Anjumanda bu kabi fikr-mulohazalar koʻplab ishtirokchilar tomonidan aytildi. Hikmatmonand soʻzlarni tinglab, bir mulohazaga borasan kishi: adabiyot doimo qalblarni birlashtirib, qalqib turgan dunyoda ezgulik mangu ekanini eslatib turadi. Tinchlik, umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashni ongu shuurimizga singdiradi.

Ana shunday xayrli eʼtiroflar koʻngildan kechar ekan, kechinmalaring beixtiyor tilingga koʻchadi: adabiyot — buyuk moʻjiza! Adabiyot — buyuk qudrat! Yashasin adabiyot!..

Gʻayrat MAJID,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi