Ikkinchi koʻz — gadjet vositasida esa tez, yuzaki va interaktiv fikrlanadi.
Ha, texnologiyalar zamonida minglab
imkoniyatga ega turli elektron qurilmalar yaratilmoqda. Ular yordamida juda
murakkab vazifalarni ham bir zumda bajaryapmiz. Ammo tanganing ikkinchi tomoni
ham bor.
Yoʻq, biz gadjetlarni yaxshi yoki yomon deb qatʼiy xulosa chiqarmoqchi emasmiz.
Ular shunchaki zamonaviy qurilmalar, xolos. Asosiy masala ulardan qanday maqsadda
va qay tarzda foydalanayotganimizda. Qolaversa, gap shu orqali texnologiyalar bilan
milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda axloqiy munosabatlar oʻrtasida oʻzimiz hosil
qilayotgan ziddiyatlar borasida bormoqda.
Ijtimoiy tarmoqlardan
birida sotsiolog olim Suhrob Xidirovning shu mavzudagi fikrlariga koʻzim tushdi.
U dunyoga mashhur kinorejissyor Stiven Spilberg asari asosida “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida
rejissyor Nozim Toʻlaxoʻjayev tomonidan ishlangan “Mayin yomgʻir yogʻadi” multfilmini
misol keltirib, bunday deydi:
— Filmning asosiy gʻoyasi
texnologiya taraqqiyoti insoniyatning axloqiy masʼuliyatidan ustun boʻlmasligi
haqida ogohlantirishdir. Ilmiy jihatdan qaralganda, sunʼiy intellekt faqat algoritmlar
va maʼlumotlarga asoslangan hisoblash tizimi. U ong, hissiyot va axloqiy jihatdan
baholash qobiliyatiga ega emas. Shuning uchun texnologiya rivoji inson nazorati
va maʼnaviy tamoyillar bilan muvozanatda boʻlishi zarur. Bu film bizni
texnikani shunchaki yaratish emas, balki qanday maqsadda va qanday masʼuliyat
bilan qoʻllayotganimiz haqida chuqur oʻylashga chorlaydi.
Bir qarashda
bunday mulohazalar oddiy oʻquvchi uchun bir oz ilmiydek tuyulishi mumkin. Lekin
mavzu inson maʼnaviyati, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga ham bevosita
bogʻliq. Shu maʼnoda, odob-axloq, maʼnaviy qarashlar va maʼnaviyatni yuksak
qadrlaydigan xalq sifatida mazkur mavzu har birimizga daxldor.
Shiddatli zamonga
hamnafas boʻlish, ishda va oʻqishda koʻp narsaga ulgurish, kundalik turmushda
vazifalarni bajarish oson va qulay boʻlishi uchun texnologik vositalardan keng
koʻlamda foydalanyapmiz. Ayniqsa, uyali telefonlar bu borada yetakchi oʻringa
chiqdi. Ular shunchalik urfga kirganki, kim qanday foydalanayotganiga eʼtibor
ham bermay qoʻyganmiz. Bu qurilmalarni qoʻllashda na yoshning, na kasb-hunarning
ahamiyati qoldi. Ayniqsa, yoshlar va oʻsmirlar yoʻlda ham, uy va oʻqishda ham
bu matohni qoʻldan qoʻymaydi. Hatto uxlayotganda ham qoʻngʻiroqni eshitmay
qolishdan choʻchibmi, uyali telefonni yostigʻining yoniga qoʻyishni kanda
qilmaydi.
Bu kabi manzaralar
— kundalik hayotda uyali telefonlardan foydalanishga doir eng sodda va koʻp
uchraydigan koʻrinishlar. Lekin bu hamma ulardan faqat shu tarzda foydalanadi
degani emas, albatta.
Cheksiz axborot
makonida taniqli mutaxassislar va olimlar tomonidan bu mavzuda turli
mulohazalar berib boriladi. Ularning bosma kitob va matbuot orqali har qanday
axborotni oʻzlashtirish borasidagi koʻplab ijobiy xulosalari ham oʻrinli. Shu
bilan birga, texnologik qurilmalarning qulay jihatlari haqidagi fikrlarini ham
inkor qilib boʻlmaydi.
Bunday holatda goʻyoki maʼnaviy va texnik taraqqiyot oʻrtasida dilemma
yuzaga kelgandek tuyuladi: qay biri afzal? Ehtimol, savolni bunday shaklda
qoʻyish kerak emasdir. Chunki har ikki yoʻnalish ham hayotimiz uchun birdek
muhim va zarur. Texnika taraqqiyoti yashash sharoitimizni yaxshilashga va qulay
boʻlishiga xizmat qilsa, maʼnaviyat hayotimiz, tafakkurimiz mazmuni hamda
insoniy qiyofamiz koʻzgusi.
Gadjetlar
olamining asl aʼzolariga aylanib ulgurgan bugungi yoshlar (oʻsmirlar va kichik yoshdagi
bolalar ham) hamda bu olam immigrantlari boʻlmish ota-onalar oʻrtasidagi
muloqot va munosabatlar ham oʻzgacha tus olayotganiga guvoh boʻlyapmiz.
Aytaylik, eshik
qoʻngʻirogʻi jiringlab, bolangiz kirib keladi. Onasining “Keldingmi, qayerda
eding?” kabi savollariga ham tushunarsiz bir nimalar degancha, qoʻlida telefon
bilan oʻz xonasiga shoshib kirib ketadi. Ota-onasining deyarli biror
topshirigʻiga “yoʻq” demaydi, ammo uni oʻz vaqtida bajarmaydi ham. Javob doim
deyarli bir xil boʻladi: “Xoʻp, hozir...” va tamom.
Uydagilar bilan
jonli muloqot juda sust, hamma virtual olamga shoʻngʻigan. Aytaylik, onalar
telefonga koʻz tashlagan holda ham ovqat tayyorlayveradi. Bolalar esa
yon-atrofiga ruchka-qalam va daftar-kitoblarini yoyib qoʻyib, telefon
yordamida jimgina dars tayyorlayotgandek koʻrinadi. Ular savol bermaydi. Chunki
ular uyali telefondan javob topishni allaqachon oʻrganib olgan. Olingan
javoblarning obyektiv yoki notoʻgʻri ekani tahlil qilinmaydi, manbalarning qay
darajada ishonchliligiga eʼtibor berilmaydi. Eʼtiborsiz ota-onalarga ham
shunisi qulay goʻyo. Bunday texnologik vositalardan notoʻgʻri va ortiqcha
foydalanishning bola ruhiyati va sogʻligʻiga salbiy taʼsiridan amaliy
himoyalash toʻgʻrisida-ku, gapirmasa ham boʻladi.
Shu oʻrinda
daryodan tomchi boʻlsa-da, ayrim ziyolilarning bu boradagi qarashlari va
fikrlarini keltirib oʻtsak.
Bir muddat avval
yuz.uz saytida chiqqan suhbatda Toshkent shahridagi maktablardan birida dars
beruvchi boshlangʻich sinf oʻqituvchisining
bunday fikrlariga koʻzim tushgandi:
— Texnologiyalar
taʼlimning dushmani emas. Aksincha, agar gadjetlardan oqilona foydalanilsa,
ular biz, oʻqituvchilarga oʻquv jarayonini olib borishda faqat yordam beradi.
Internet — foydali va qimmatli vosita, axborot xazinasi hamda kundalik hayotni
yengillashtiradigan aloqa vositasi. Smartfonlar oʻquvchilarga ham yangi
bilimlarni oʻzlashtirishda, koʻnikmalarni rivojlantirishda va dunyoqarashini
kengaytirishda yordam berishi mumkin.
Elektron
qurilmalar va sunʼiy intellekt qanchalik foydali boʻlmasin, shunchaki
bilishning bir vositasi boʻlib qolaveradi. Oxir-oqibat mustaqil fikrlashimiz,
maʼlumotlarni tafakkur chigʻirigʻidan oʻtkazib yondashishimiz va toʻgʻri
xulosaga kelishimiz asosiy omil sifatida saqlanishini koʻrib turibmiz. Bu
borada tadqiqot oʻtkazayotgan mutaxassislar endi axborot va maʼlumotlarni
birinchi boʻlib yetkazishdan koʻra uni toʻgʻri, ishonchli va mantiqan talqin
qila olish ustuvor ahamiyat kasb etib borayotganini taʼkidlamoqda.
Shu oʻrinda
ishonchli deb eʼtirof etilgan qator manbalardan ziyolilar va oʻz sohasining
mutaxassislari bildirgan fikrlarning ayrimlarini keltirib oʻtish nooʻrin
boʻlmas. Qolaversa, aynan shu sohada tadqiqot olib borayotgan va vaziyatga
bevosita guvoh boʻlayotgan olimlarning fikrlarini keltirish ancha xolis taassurot
uygʻotadi. Yaqinda oʻqiganim gʻarblik bir olimning fikri quyidagicha: “Muammo
shundaki, bizda raqamli qurilmalar va texnologiyalarning yangi dunyosida amal
qiladigan hech qanday madaniy anʼanalar yoʻq. Har qanday jamiyatga har qanday
yangi moslamalar va usullarni joriy etishda, ulardan oqilona va sogʻlom
foydalanish qoidalari hamda anʼanalarini ishlab chiqish uchun 100-yildan
200-yilgacha vaqt kerak boʻladi deb hisoblanadi. Lekin bizda bu 100-200-yil
yoʻq. Nima qilish kerak? Avvalo, zamonaviy bolalarning yangi meʼyorda
yashayotganini anglash va qabul qilish kerak. Yangi normallik bu turli
sohalardagi, baʼzan esa dunyo tartibidagi iqtisodiy, ijtimoiy va psixologik
oʻzgarishlardir”.
Yoki bu fikrga qarang:
— Gadjetlar bizga tezkor endorfinlar va dunyodagi hamma
narsadan xabardorlik illyuziyasini beradi, ammo afsuski, munosabatlar va oflayn
ijtimoiy hayotni “eritib” yuboradi, — deydi xorijlik prodyusser Anna Beleva. —
Hatto faoliyati bevosita gadjetlar bilan bogʻliq boʻlgan odam sifatida men ham
oilaviy kechki ovqat paytidagi muloqot, hatto taʼtilda ham, yangiliklarni
kuzatish va YouTube tomosha qilish bilan almashganini payqadim.
Yozuvchi va faylasuf A.Korol esa “Virtual muhitga gʻarq
boʻlgan inson uchun oila haqiqatan ikkinchi darajaga tushib qolishi mumkin.
Shuning uchun odamlar oʻz yonida eʼtibor, gʻamxoʻrlik va muhabbatga muhtoj
yaqin kishisi borligini his qilmaydi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda
chiroyli manzaralarni koʻramiz. Shundan soʻng ongsiz ravishda oʻz real
hayotimizni salbiy qabul qila boshlaymiz. Chunki real oilaviy munosabatlar
fotosuratlardagi juftliklarniki kabi mukammal emas, turmush oʻrtoq esa
unchalik jozibali va muvaffaqiyatli koʻrinmaydi. Natijada inson oʻz juftini
tanqid qila boshlaydi va oilada kelishmovchilik yuzaga keladi”, deydi.
Ahli donish va faylasuflar tafakkurni inson aqliy
faoliyatining yuksak shakli, narsa va hodisalarning mohiyatini, ular
oʻrtasidagi oʻzaro bogʻlanishlarni chuqur anglash, bilish va umumlashtirish
jarayoni sifatida izohlaydi. Olamni tushunishda tasvirlar, his-tuygʻu va sezgi
aʼzolari ojizlik qilgan oʻrinlarda, albatta, aql va mantiq bilan anglash eng
toʻgʻri yoʻl ekani taʼkidlab kelinadi. Zero, Navoiy bobomiz aytganidek: “Oʻz
vujudingga tafakkur aylagil...”.
Rustam BOYTOʻRA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri