Masalan, oʻzini oʻzi band qilgan taksi haydovchisi bir oyda 2 mln soʻm daromad topsa, u toʻlashi lozim boʻlgan soliq miqdori atigi 20 ming soʻmni tashkil etadi.
Agar yoʻlovchilarni tashish faoliyati onlayn-agregatorlar orqali amalga oshirilsa, soliqni ushlab qolish taksi agregatorlari tomonidan haydovchilarga daromadlarni oʻtkazish chogʻida avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Bunda agregator soliqni faqat oʻz platformasi orqali olingan daromadlardan ushlab qoladi.
Agregatordan tashqarida shakllangan daromadlar ushbu mexanizm asosida soliqqa tortilmaydi.
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar ham QR-koddan foydalanishi shartmi?
Maʼlumki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun raqamli platformalarda shakllantirilgan elektron toʻlovlarni qabul qilish maqsadida maxsus QR-kodga ega boʻlish majburiy talab sifatida joriy etiladi.
Ushbu talab soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan elektron platformalarga ega agregatorlar orqali yoʻlovchilarni tashish va buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatuvchi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
PQ-247 8-band 12.08.2025-y.
Yaʼni, soliq tizimlariga ulangan rasmiy agregatorlar orqali faoliyat yurituvchi taksi haydovchilari va kuryerlarga alohida QR-kod oʻrnatish shart emas.