Uchrashuvda talaba boʻlgan qizlarni universitet rektori Obidjon Hamidov samimiy tabrikladi. Talabalik baxtiga muyassar boʻlgan qizlarga sovgʻa va badiiy kitoblar taqdim etildi.
– Avvalambor bizga yaratilgan bunday sharoit va imtiyozlar uchun Prezidentimizga rahmat, – deydi imtiyoz bilan talabalik baxtiga erishgan Nigina Muzaffarova. – Men uchun Buxoro davlat universiteti talabasi boʻlish katta baxt. Kelajakda yurtimiz sharafini yuksaklarga koʻtaradigan, xalqimizga xizmat qiladigan munosib farzand boʻlishga astoydil harakat qilaman. Oʻqiyman, izlanaman yurtboshim yaratib bergan imkoniyatlardan oqilona foydalanaman. Xalqimga, yurtimga kerakli mutaxassis boʻlib yetishaman.
Tadbirda viloyat hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi Feruza Ibragimova hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Yoʻldosh Jumayev qatnashdi.

