Talaba rektor lavozimiga tayinlandi yoxud NamDUdagi oʻziga xos innovatsion yondashuvlar xususida

    Kelajak bunyodkorlari boʻlgan navqiron avlodni qoʻllab-quvvatlagan har qanday jamiyat taraqqiyotga erishishiga shubha yoʻq. Zotan, bilimli avlod har bir sohada eng toʻgʻri yoʻlni tanlay oladi.

    Shu maʼnoda, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash Namangan davlat universitetining eng muhim faoliyat mezoniga aylangan.

    Oliy oʻquv yurtimiz otaxon universitet va viloyatimizda oʻz oʻrniga, obroʻsiga ega. Keling, NamDU tajribasi samarasi xususida va yorqin misollar bilan batafsil oʻrtoqlashsam. Joriy oʻquv yilida universitetimizda 28 ming 472 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 18 ming 720 nafari qizlar. Biz har bir talabaning, u oliy oʻquv yurtiga oʻqishga qabul qilingan ilk kundan oilaviy sharoiti, ijtimoiy ahvoli, muammolari bilan yaqindan tanishamiz. Oʻrganishlar yakuniga koʻra, talabalarni toifalarga ajratib olamiz. Bundan ijtimoiy yordamni, qoʻllab-quvvatlashni eng muhtoj talabalardan boshlash maqsadi nazarda tutilgan.

    Ayni paytda boquvchisini yoʻqotgan talabalarimiz 728 nafar, chin yetim talabalarimiz 14 nafarni tashkil etyapti. 224 nafar talabamizning nogironligi mavjud, ularning 20 nafar 1-guruh nogironi. 10 nafar talabamiz “Mehribonlik uyi”da tarbiyalangan.

    Shuningdek, talabalarimizning 1 ming 294 nafari talabalar turar-joylarida yashaydi. Ularning 834 nafari qizlar, 799 nafari boshqa viloyatlardan qatnaydi. 47 nafar nogironligi boʻlgan, 7 nafar koʻzi ojiz, 79 nafar imtiyoz asosida bepul yashovchi, 40 nafar boquvchisini yoʻqotgan, 3 nafar chin yetim, 19 nafar ijtimoiy himoya reyestridagi talabalarimiz ham talabalar turar-joylarida istiqomat qilishmoqda, yaratilgan sharoitlardan mamnun. Hozircha 3 ming 660 nafar talabamiz ijara xonadonlarda turadi, 2 ming 562 nafari qizlar. Ular yashayotgan xonadonlar oʻrganilgan va nazoratga olingan. 85 nafar talaba “Temir daftar”dagi oilalar farzandlari, 54 nafari “Ayollar daftari”ga, 816 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan talabalardir.

    Alohida taʼkidlashim joizki, talabalarni qoʻllab-quvvatlash, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish yuzasidan Namangan davlat universitetining oʻz tajribasi bor. Mazkur yoʻnalishdagi puxta chora-tadbirlar muayyan natijani berayotgani yanada quvonarli.

    Jumladan, joriy oʻquv yilida 3 ming 507 nafar talabaga “Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi” mablagʻlari hisobidan 1,8 mlrd. soʻm miqdoridagi moddiy ragʻbatlantirish pullari toʻlab berildi. Ijara xonadonlarida yashovchi 6 ming 861 nafar talabaning 1 mlrd. 38 mln. soʻm miqdoridagi ijara pullari ham qoplab berildi. 13 nafar yetim va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar uchun oʻquv, ilmiy va badiiy kitoblar xarid qilish xarajatlari uchun 17 mln. 550 ming soʻm subsidiya ajratildi.

    Oʻtgan oʻquv yilida universitet tomonidan 41 nafar boquvchisini yoʻqotgan talaba qizning 273 mln. soʻm miqdoridagi kontrakt pullari qoplab berilgan boʻlsa, universitet tavsiyasi asosida viloyat hokimligi tomonidan 42 nafar boquvchisini yoʻqotgan talaba-qizning ham 270 mln. soʻmlik shartnoma pullari toʻlab berildi. Bu qancha-qancha ota-onalar, talabalar va ularning yaqinlari qalbiga xursandchilik bagʻishlaganini tasavvur qilish qiyin emas.

    Joriy 2022-2023 oʻquv yilida esa tavsiyamiz asosida viloyat hokimligi tomonidan 97 nafar boquvchisini yoʻqotgan talaba qizning 665 mln. soʻm miqdoridagi kontrakt pullari, 83 nafar talabaning 278 mln. soʻm miqdordagi kontrakt pullari rahbariyat tomonidan homiylarni jalb etib toʻlab berildi. 7 nafar “Temir daftar”ga kirgan oila farzandlari boʻlgan talabalarning esa 48 mln. soʻm miqdoridagi kontrakt puli qoplandi.

    Iqtidorli, tashabbuskor, faol talabalarni qoʻllab-quvvatlashimiz natijasida ular safi kengayib boryapti. Chunki moddiy va maʼnaviy ragʻbat ularga yangi kuch-gʻayrat va baland ruh ulashmoqda. Oʻtgan oʻquv yilida respublika va universitet miqyosidagi tanlovlarda gʻolib boʻlgan 45 nafar talaba 21 mln. soʻm, “Yil talabasi” tanlovining universitet bosqichida nominatsiyalar boʻyicha 29 nafar gʻolib talaba 38 mln. soʻm, “Universiada” musobaqasi hududiy va respublika bosqichida gʻalabani qoʻlga kiritib, final oʻyinlariga yoʻllanma olgan 60 nafar talaba 85 mln. soʻm miqdorida moddiy ragʻbatlantirildi.

    Talabaning moliyaviy imkoniyati yetarli boʻlsagina, u butun eʼtiborini taʼlim olishga qaratadi. Oʻz navbatida, talabaning aynan oʻz sohasida ishlashi uning hozirdanoq kasbiy malaka va koʻnikmaga ega boʻlishiga zamin yaratadi. Shu maqsadda 2022-2023 oʻquv yilida talabalar ishlashi mumkin boʻlgan boʻsh ish oʻrinlariga 409 nafar talaba ishga joylashtirildi.

    Jumladan, 133 nafar magistratura talabalariga oʻrnatilgan tartibda mutaxassisligi boʻyicha, 116 nafar talaba boshqaruv va oʻquv sohasiga yordamchi xodimlar, 32 nafari “Karyera markazi”ga, 16 nafari “Kovorking markazi”ga, 20 nafari “NamDU Innovation” mebel korxonasiga, joriy yilning noyabr oyida esa 62 nafar magistratura bosqichi talabalari, 30 nafar talaba boshqaruv va oʻquv sohasiga yordamchi xodimlar sifatida ishga qabul qilindi.

    Shu oʻrinda Namangan davlat universitetida tashkil qilingan “Karyera markazi” haqida maʼlumot berib oʻtsam. Markazda 16 ta zamonaviy rusumdagi kompyuter mavjud, ularga viloyatning 14 tumandagi boʻsh ish oʻrinlari maʼlumoti joylashtirilgan. 32 nafar 2-3-bosqich talabalari mutaxassis etib ishga olingan. Markazda viloyat davlat tashkilotlaridagi boʻsh ish oʻrinlari kvotasi tegishli tashkilotlardan har oyning 10-sanasida olinadi va boʻsh ish oʻrinlari portfeli yil davomida shakllantirib boriladi. Bir soʻz bilan aytganda, markazda maʼlumotlar bazasi yaratilgan. Tanlov asosida talabalarga boʻsh ish oʻrinlari tavsiya etib turiladi.

    “Kovorking markazi”miz esa universitet talaba-yoshlarining biznes tashabbuslari, gʻoyalari, loyihalari, nou-xaulari, startaplarini amalga oshirish, ularni qoʻllab-quvvatlash, yuridik hamda tijoriy maslahatlar berish, buxgalteriya hisobotlarini yuritish, master-klasslar oʻtish, seminarlar tashkil etish va boshqa bir qancha xizmatlarni koʻrsatishga moʻljallangan. Markaz talabalarga oʻz innovatsion va biznes rejalarini amalga oshirish va tijoratlashtirishda hamkor tashkilotlar bilan koʻprik vazifasini oʻtaydi. Markazda oʻn olti nafar iqtidorli talaba doimiy ish bilan taʼminlandi.

    Yangi gʻoyalarni oʻzida jamlagan korxonalardan biri – “NamDU Innovation” unitar korxonasida esa yigirma nafar talaba faoliyat olib boryapti. Korxona talabalar uchun texnologiya taʼlimi amaliyotini taʼminlash, texnik ijodkorlik va dizayn, mahsulot tayyorlash texnologiyasi, texnik ijodkorlik va konstruksiyalash boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni zamonaviy, raqamli dasturlarda boshqariladigan dastgohlar bilan olib borishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Korxonada talabalar boʻsh vaqtlarini unumli oʻtkazish bilan birga milliy hunarmandchilik asosida zamonaviy jihozlarni tayyorlash, mebelsozlik va duradgorlik kasblarini egallashmoqda. Ular universitetdagi mebel jihozlarini zamonaviylashtirishda va yangilashda bevosita koʻmaklashadi va moddiy jihatdan ragʻbatlantiriladi. Korxona kelgusida viloyatdagi taʼlim muassasalariga zamonaviy talablarga muvofiq mebel mahsulotlarini yetkazib beradi. Hozirda zamon talabidan kelib chiqqan holda raqobatbardosh mebellar, jumladan, bir va ikki tomonlama mobil stellajlar, bir va ikki kishilik partalar, stullar, olti kishilik transformer, olti burchakli stollar ishlab chiqarilmoqda.

    Bundan tashqari, universitetda talabalar bandligini taʼminlashda ekologiya taʼlim yoʻnalishining oʻn nafar iqtidorli talabasidan iborat “Yosh ekopatrul” guruhi tuzilgan. Mazkur guruhning asosiy vazifasi universitet hududidagi daraxt koʻchatlari hisobini yuritish, rivojlanish holatini nazorat qilish, doimiy muhofaza etish hamda talaba yoshlar oʻrtasida ekologik madaniyatni rivojlantirishga doir turli seminarlar, uchrashuvlar va profilaktik targʻibot tadbirlarini uyushtirishdir.

    Qolaversa, Namangan davlat universitetida respublika oliy taʼlim muassasalari ichida ilk marta oʻn nafar iqtidorli, tashabbuskor va faol talabalardan tarkib topgan “Yoʻl harakati xavfsizligi targʻibotchisi” guruhi xizmat koʻrsatadi. Guruhning asosiy vazifasiga Namangan viloyati shahar va tumanlarida yoʻl chorrahalari va svetoforlarda yoshi ulugʻ va yosh bolalarga koʻmaklashish, Namangan viloyati YHXB bilan hamkorlikda talabalar oʻrtasida yoʻl qoidalari yuzasidan tushuntirish va targʻibot ishlarini olib borish, tarqatma materiallarini yetkazish, universitet atrofidagi chorrahalarda YHXB xodimlariga yordamlashish va ish faoliyatini oʻrganish kiradi.

    “NamDU FM” (www.namdufm.uz) onlayn radiosi va ovoz yozish studiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ham oliy taʼlim muassasalari orasidagi dastlabki tashabbus sanalanadi. Radioda jonli efir jarayonini yuritish uchun oʻn nafar iqtidorli va tashabbuskor talabadan iborat ijodiy jamoa shakllantirildi. Radioda universitetdagi isteʼdodli talabalarning yangi tashabbuslari, oʻzini-oʻzi boshqarish organi faoliyati, ilmiy izlanishlar natijalari, ijod namunalari, dorilfunun yangiliklari toʻgʻrisidagi xabarlar muntazam berilmoqda. Ovoz yozish studiyasida talabalarning musiqiy chiqishlari, jonli ijrodagi qoʻshiqlar va sheʼriy matnlar yozib borilishi anʼana tusini olgan.

    Oʻn nafar jasur yosh aʼzoligidagi “Qalqon” guruhi universitet hududida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, profilaktika inspektorlariga yordamlashish va nazariy bilimlarni amaliyotda qoʻllaydi. Maktabgacha va boshlangʻich taʼlim fakultetidagi “Yosh dizaynerlar” va “Mobil chevarlar guruhi” nomli tikuvchilik toʻgaraklari hamda yumshoq va qoʻlda yasalgan oʻyinchoqlarni tayyorlovchi toʻgaraklarda ellik nafar talaba-qiz sevimli yumushi bilan band.

    Iqtidorli, faol, tashabbuskor va tashkilotchi yigit-qizlarni qamragan “Koʻngillilar” oʻzini-oʻzi boshqarish organi faoliyatining joriy etilishi bilan talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat, buyuk ajdodlarga munosib avlod boʻlish ruhida tarbiyalash, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli oqilona siyosat mazmun-mohiyatini joylardagi targʻibotiga jalb etish, sogʻlom turmush tarzini ommalashtirishga erishilmoqda. Organ tarkibiga doimiy ravishda faoliyat olib borish uchun 86 nafar talaba aʼzolikka saylandi. Shu kunga qadar guruhga 280 dan ortiq koʻngilli talaba aʼzo boʻldi.

    Boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishga yoʻnaltirilgan 1-sonli talabalar turar-joyida “Karaoke” maydonchasida 200 dan ziyod talaba erkin foydalanmoqda. Bundan esa ularning milliy musiqaga qiziqishini oshirish, sanʼatini namoyish qilish uchun sharoit yaratish, seleksiya usulida yoshlar ichidan talantlilarni saralab olish koʻzlangan. Universitet 1-oʻquv binosida muhtasham “Axborot-resurs markazi”da talabalar uchun ajratilgan oʻrinlar soni 400 dan 1 ming 400 taga koʻpaydi. Bu yerda ular oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan tanishish barobarida QR-kod tizimi orqali ham adabiyotlarni elektron nusxasi bilan tanishish imkoniyatiga ega.

    Jamoatchilik boshqaruvi, iqtidorli va tashabbuskor lider talaba-yoshlarning universitet boshqaruv tizimida qatnashishini taʼminlashda universitet rektori Sobitxon Turgʻunov tomonidan jamoatchilik asosida “Talaba-rektor”, “Talaba-dekan” lavozimlari joriy etilgan. Mazkur lavozimga kirishgan yosh rahbarlar uchun maxsus (universitet rahbariyati ham bor) Telegramm guruhi ochildi. Unda universitet rektori, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor hamda yoshlar yetakchisi nazorati ostida topshiriqlar berilib, ijrosi ham guruh aʼzolari tomonidan tahlil etilyapti. Yosh rahbarlar tarafidan bugungacha talabalarning universitet ichki tartib-qoidalariga boʻysunishlari, oʻquv jarayonlaridagi ishtirokini taʼminlash, ularning taklif va tashabbuslarini rahbariyatga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazish va oʻrnida hal etish kabi koʻplab chora-tadbirlar tezkor va sifatli bajarilmoqda.

    Niyatimiz bitta – chuqur bilim va malakaga ega mutaxassisni, yurt taqdiriga daxldor sezadigan sogʻlom fikrli yoshlarni yetishtirish. Bu masʼuliyatli va sharafli katta yoʻlda jamiki kuch-salohiyatimizni sarflaymiz. Ishonamizki, talabalarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik oʻzining kutilgan mevasini beradi, albatta. Zero, mehr-eʼtibordan kuch olgan yoshlargina Vatanga sadoqatli avlod boʻlib kamol topadi.

    Narimon DEHQONOV,

    Namangan davlat universiteti birinchi prorektori,

    siyosiy fanlar doktori

    (“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 18-mart, 54-soni)