Bugun bu manzara tamomila oʼzgardi, sharoit va imkoniyatlar zamoni keldi. Masalan, nazariy bilim olayotgan talabalarning amaliyotda koʼnikmasini mustahkamlashiga, bu orqali moddiy ehtiyoji taʼminlanishiga, shartnoma pulini yil davomida boʼlib toʼlashiga sharoit yaratildi. Bu shartnoma asosida taʼlim olayotgan talabaga katta imkoniyat, degani.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizdagi ehtiyojmand oila farzandlari, eʼtiborga muhtoj yoshlarning taʼlim olishiga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Oʼzbekiston yoshlar ishlari agentligi tomonidan eʼlon qilingan “Talabaga madad” loyihasi yurtimizdagi koʼplab yoshlarning orzulari ushalishiga chin maʼnoda madad boʼlmoqda. Loyiha doirasida iqtisodiy muammolarga duch kelayotgan, boquvchisini yoʼqotgan, ota-onasida (yoki ularning birida) nogironligi boʼlgan, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchisi, yosh oilalar, “ijtimoiy himoya” yagona reestriga kiritilgan oila farzandlari kabi toifalarga mansub talaba-yoshlarning toʼlov-shartnoma pullari toʼlab berilmoqda.
Bunda 18 yoshdan 30 yoshgacha boʼlgan, oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat bosqichi kunduzgi, sirtqi, kechki va maxsus-sirtqi taʼlim shaklida hamda magistratura bosqichida tahsil oladigan talaba-yoshlarning umumiy toʼlov-shartnoma summasining 50 foizgacha boʼlgan miqdori toʼlab beriladi. Loyiha yoshlarni xursand qilmoqda.
Sardor Toʼychiyev, Toshkent kimyo texnologiyalari instituti 3-kurs talabasi:
– Ota-onamiz bizning oliy maʼlumot olib, biror kasb etagidan tutishimizni, jamiyatda oʼz oʼrnimizni topishimizni juda xohlaydi. Bolaligimizdan taʼlim-tarbiyamizga jiddiy eʼtibor qaratib, fanlarni oʼzlashtirishimizni nazorat qilardi. Аstoydil oʼqidim, biroq imtihon natijalariga koʼra, institutga shartnoma asosida qabul qilindim. “Oʼqib, kelasi yil qayta topshiraman” desam, shashtim pasayishidan choʼchidim. Oʼqishni boshladim. Birinchi yil ota-onamning yordami bilan shartnoma pulini toʼladik.
Dadam — dehqon, onam — uy bekasi. Pandemiya oilamizga ham oʼz taʼsirini oʼtkazmay qolmadi. Mahalladan “Yoshlar daftari”ga kiritishdi. Shu orqali moddiy koʼmak olib turdik. 2-kursga oʼtgach, mablagʼ yoʼqligidan ish qidira boshladim. Savdo majmuasidan ish topdim. Darsdan soʼng ishga yuguraman. Quvonarlisi, baxtimga shartnoma pulini yil davomida boʼlib toʼlashga imkoniyat berildi. Bu yil ham yozgi taʼtil davomida ishlab, biroz pul jamgʼardim.
Singlim Oʼzbekiston davlat jahon tillari universitetiga shartnoma asosida oʼqishga qabul qilindi. Ikkalamizning oʼqishimiz uchun pul topish oilamiz uchun oson emas. Shunday kunlarning birida kursdoshlarimdan ehtiyojmand talabalarga davlat tomonidan shartnoma puli toʼlab berilayotgani haqida eshitdim. Yoʼl-yoʼrigʼini soʼrab olgach, onlayn ariza yubordim. Oradan hech qancha oʼtmay, menga Yoshlar ishlari agentligi Bekobod tumani boʼlimidan telefon qilishib, shartnomam uchun pul oʼtkazilishini, sertifikatni olishga borishim zarurligini aytishdi. Toʼgʼrisi, kutilmagan xabardan quvonib ketdim.
Institutga kirganimdan ingliz va koreys tillarini puxta oʼzlashtirishga harakat boshladim. Chunki til bilish orqali oʼz yoʼnalishim boʼyicha dunyoning yetakchi universitetlarida oʼqishni davom ettirishim, tajriba toʼplashim, bu orqali yurtimiz kimyo sanoati rivojiga hissa qoʼshishim mumkin. Sertifikat olgan kunim koreys tilidan imtihonim bor edi. Imtihonda berilgan 50 ta savoldan 48 tasiga toʼgʼri javob berdim va Koreya Respublikasining Toshkentdagi taʼlim markazida bir yil davomida bepul oʼqish imtiyozini qoʼlga kiritdim. Markazda astoydil til oʼrgansam, kelasi yil institutni bitirgach, magistraturani shu davlatda oʼqishni oʼz oldimga maqsad qildim.
Bu yoʼlda menga davlatimiz tomonidan oʼz vaqtida berilgan imkoniyat qanot boʼldi, desam mubolagʼa boʼlmaydi. Sababi, eʼtiborga munosib javob qaytarish uchun ham astoydil izlanaman.
Mohinur Аbduhakimova, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti 4-kurs talabasi:
— Oilada toʼrt farzandmiz. Universitetga kirish uchun tayyorgarlik koʼrib yurgan yillarim otam vafot etdi. Toʼrt farzandni tarbiyalash, oʼqitish yolgʼiz onamning gardanida qoldi. Tomorqada yetishtirilgan sabzavotni sotish evaziga kun koʼrdik. Onam ortganini oz-ozdan yigʼib qoʼyardi. Vaziyatimiz maʼlumligi uchun astoydil oʼqidim, imtihonlarga puxta hozirlik koʼrdim. Аfsuski, bilimim yetmadi, kontraktga tushdim. Oʼqimayman deb qatʼiy turib oldim, lekin onam: “Qiz bolasan, kelasi yil kirolmasang yoki yana kontraktga kirsang, bir yil yutqazasan”, deb oʼqitish payiga tushdi. Qarindosh-urugʼlar ham qarab turmadi. Kollejda kompьyuter grafikasi boʼyicha oʼqiganim qoʼl kelib, bir firmaga ishga kirdim. Tushgacha oʼqib, tushdan soʼng ishlab, shartnoma pulini toʼlashga harakat qildim.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Talabaga madad” loyihasi eʼlon qilinishi men kabi talabalarga chin maʼnoda madad boʼldi. Onlayn ariza topshirdim. Аrizam koʼrib chiqilib, shartnoma puli davlatimiz tomonidan toʼlab berildi. Onamning quvonchini bir koʼrsangiz edi!..
Bu taʼlim olishimiz, yetuk kadr boʼlib yetishishimiz uchun berilgan imkoniyatlardan biridir. Bu imkoniyat biz — yoshlarga, shuningdek, oilamizga katta madad boʼldi. Men taqdirimizga befarq qaramagan Prezidentimizga, barchaga minnatdorlik bildiraman.
B.Yunusova yozib oldi.