Bu kabi savollarga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov AOKAda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida javob berdi.

«2022-yilda 60 ta talabalar turar-joyida qurilish, tender, loyihalashtirish jarayonlari ketyapti. Shu ishlar doirasida ayni vaqtda 38 ta talabalar turar-joyi qurilyapti.

Nega bu yotoqxonalar oʻquv yili boshlanishidan avval foydalanishga topshirilmadi?

Qurilish bilan bogʻliq jarayonlar bizga bogʻliq emas. Oʻzim rektor sifatida faoliyat yuritganimda boshimdan oʻtkazganman, qurilishni boshlash uchun uning hujjatlashtirish ishlariga qariyb qurilishga ketadigan muddatcha vaqt ketadi. Men buni tanqid qilmoqchi emasman. Chunki puxta boʻlishi kerak, u ijtimoiy obyekt, asrlar davomida xizmat qilishi kerak.

Shuning uchun 2022-yilda foydalanishga topshirilishi kerak boʻlgan 30 ming oʻrinli 60 ta yotoqxona ayni vaqtda qurilish, loyiha va tender jarayonida.

Bu vaziyatdan qanday chiqish kerak?

Prezident topshirigʻi bilan ijarada turuvchi talabalar uchun byudjetdan pul ajratildi. 2022-yilda buning uchun 120 milliard soʻm ajratildi. Bugungi, 9-sentyabr holatiga koʻra, shundan 15 milliard soʻmi maqsadli yoʻnaltirildi».

Vazir ijara masalasida yaratilgan imkoniyatlar va bugungi holat haqida ham izoh berdi:

«Ilgari xonadon egalari soliqchilar bilan shartnoma qilishi, yaʼni olgan daromadidan soliq toʻlashi kerak edi. Buni aksariyat xonadon egalari, ham tashvish, ham xarajat nuqtayi nazaridan xohlamadi. 1-yanvardan bu jarayon soliqdan ozod etilgan edi. Shunda ham xonadon egalari xohlashmadi. Shaharda uylar kengaydi, lekin odamlarning bagʻri toraydi. Avval har bir xonadon 2-3 nafar talaba boʻlardi mahallalarda.

Shuning hisobiga hozir talabalar turar-joyi bilan bogʻliq bosim kuchaydi. Aholi istamayotgan, oʻzining “komfort” hayotidan chiqishni xohlamayotgan boʻlsa, davlat oʻzining fuqarolarini himoya qiladi, dedi Prezidentimiz. Shuning uchun ijara tizimi joriy qilindi. Rahbariyat shunaqa topshiriq berdi, hozir shartnomani talab qilmasdan subsidiya berish loyihasi ishlab chiqilmoqda».