- Har yili talabalar turar joyida ushbu bayramni nishonlab, talabalar bilan birgalikda joʻxori gurtuk tayyorlab, ota-bobolarimizdan meros boʻlib kelayotgan urf-odatlar, anʼanalar va qadriyatlar haqida suhbatlashamiz, oʻzaro fikr almashib, tariximiz va madaniyatimiz haqida maʼlumotlar beramiz. Bu bayram viloyatlardan kelgan talabalar oʻrtasida ham katta qiziqish uygʻotadi. Ular qoraqalpoq xalqining milliy taomi joʻxori gurtuk va uning tayyorlanishi haqida maʼlumotlarga ega boʻladi. Albatta, bu bayram orqali biz yurtimizning oʻziga xos madaniyati, tarixi, urf-odatlari va milliy taomimiz hisoblangan joʻxori gurtukni dunyoga tanitishga hissa qoʻshamiz, — deydi Talabalar turar joyi direktori Miyoʻagul Qallibekova.
Bayram tadbirida institut talabalari milliy liboslarda xalqimizning qiz-yigitlar aytishuvini oʻtkazib, shu bilan birga, milliy anʼanalarimiz, ularning tarixi haqida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻldi. Tadbir doirasida talabalar turar joyi jamoasi, nuroniy onaxonlar va yoshlar birgalikda milliy taom – joʻxori gurtikni tayyorlab, bayram dasturxoniga tortdi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, 2023-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasida 25-fevral jamoatchilik tashabbusi asosida “Joʻxori gurtik kuni” sifatida xalqimiz orasida keng tarzda nishonlanib kelinmoqda.
Har yili shu sanada xalqimiz katta hamjihatlik namunasini koʻrsatib, nafaqat oilalarda dasturxon atrofida, balki mehnat jamoalari, oʻquv yurtlari, kafe va restoranlarda ham yuqori koʻtarinkilik bilan oʻtkazilmoqda.
Albatta, bunday tashabbuslar ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan anʼanalarni kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Minajatdin Qutlыmuratov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri