Talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi

    Bugun O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida investetsiya dasturi asosida 9 qavatli 1100 o'ringa mo'ljallangan 3-sonli talabalar turar joyining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

    Bu O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentabrdagi “Respublika oliy ta'lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Unda Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov, Chirchiq shahar hokimi D.Hidoyatov, oliygoh rektori M.Boltobayev, bir guruh faxriy mehmonlar, universitet rahbariyat jamoasi, bino quruvchilari, professor-o'qituvchilar, talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi.

    Rahbarlar tomonidan ramziy lenta qirqildi va ular turar joyda yaratilgan shart-sharoitni ko'zdan kechirishdi. Xonalarning jihozlanishi, talabalarga yanada qulaylik yaratishga mo'ljallangan zamonaviy uskunalarning mavjudligi e'tirof etildi.

    Universitet rahbariyati tomonidan mana shunday ko'rkam turar joyning qad rostlashiga o'zlarining ulkan hissasini qo'shgan quruvchilarga to'n kiygizildi, deb xabar beradi O'zDJTSU Axborot xizmati.