Talabalar turar joylarida qulay va xavfsiz muhit – Yangi O‘zbekiston yoshlariga e’tiborning amaliy ifodasi

    Keyingi avlod 14 Sentabr 2025 349

    Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

    Ayniqsa, yurtboshimiz tashabbusi bilan yoshlar ta’lim-tarbiyasini qo‘llab-quvvatlash, ularning qiziqishi, qobiliyati va iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu borada talabalar turar joylari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularni qulay va xavfsiz yashash hududiga aylantirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

    Toshkent davlat yuridik universitetida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari ham ana shu maqsadlarga qaratilgan. Universitet rahbariyati tashabbusi bilan talabalar turar joylari tubdan ta’mirlanib, zamonaviy sharoitlar yaratildi.

    Namunali sharoit – ta’lim va hayot uyg‘unligi

    Talaba uchun turar joy nafaqat yashash manzili, balki o‘qish, o‘z ustida ishlash va shaxs sifatida kamol topish makonidir. Shu bois TTJlarda yaratilgan har bir sharoit talabalarning ta’lim samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

    Bugun Toshkent davlat yuridik universiteti TTJlarida:

    xonalar keng va yorug‘, zamonaviy mebellar bilan jihozlangan;

    bir va ikki qavatli yotoqlar, yumshoq to‘shaklar, ergonomik shkaf va stollar o‘rnatilgan;

    umumiy foydalanish joylari — oshxona, kir yuvish va yuvinish xonalari zamonaviy dizaynga ega talablar asosida jihozlangan;

    tezkor internet tarmog‘i, elektr energiyasi va issiq-sovuq suv tizimlari muntazam ishlamoqda.

    Bunday sharoit yoshlarda “talaba uyi”ga bo‘lgan ishonch va mehrni yanada mustahkamlab, o‘qishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi.

    Toza va sog‘lom muhit – sog‘lom avlod kafolati

    Turar joylarda muntazam ravishda dezinfeksiya va sanitar tozalash ishlari olib borilishi talabalar salomatligini muhofaza qilishda muhim o‘rin tutadi. Xonalar, yo‘laklar va oshxonalar gigiyenik qoidalarga muvofiq dezinfeksiyalanadi, axlat tashish, ichimlik suvi va ovqatlanish joylarining tozaligiga alohida e’tibor qaratiladi.

    Bunday yondashuv nafaqat kasalliklarning oldini olish, balki yoshlarda toza va sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirishda ham muhim omil bo‘lmoqda.

    “Besh tashabbus” xonalari – bo‘sh vaqtni unumli o‘tkazish manzili

    Prezidentimiz ilgari surgan “Besh muhim tashabbus” yoshlarning ijodkorligi va salohiyatini ro‘yobga chiqarishda keng imkoniyatlar ochib berdi. Universitet TTJlarida ham mazkur tashabbus doirasida sport zallari, kompyuter xonalari, kutubxonalar, musiqa va san’at xonasi, fitness va trenajor zallari, qizlar uchun bichish va tikish xonalari talabalar ixtiyoriga topshirilgan.

    Berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishni oldilariga maqsad qilgan ijodkor-yoshlar ishtirokida sport, kitobxonlik, teatr va san’at to‘garaklari faoliyat yuritmoqda.

    Bu maskanlar nafaqat talabalar iste’dodini ro‘yobga chiqarishga, balki ularning ijtimoiy faolligini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Yoshlar o‘z qiziqishi va qobiliyatiga ko‘ra, bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish imkoniga ega.

    Xavfsizlik va intizom – asosiy talab

    Talabalar turar joylarida intizomiy muhitni mustahkamlash, xavfsizlikni ta’minlash masalasi ham doimiy e’tiborda. TTJ kirish joylariga FACE-ID turniketlari o‘rnatilgan. Binolar ichida va tashqarisida kuzatuv kameralari uzluksiz ishlamoqda. Kechki payt yo‘laklar va hovlilarning doimiy yoritilishi xavfsizlikni kuchaytiradi.

    Bundan tashqari, Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari muntazam ravishda talabalar bilan suhbatlar o‘tkazib, huquqbuzarliklarning oldini olishga hissa qo‘shmoqda. Ularga yordam sifatida “Qalqon” jamoatchilik nazorati guruhi a’zolari ham reydlar va profilaktik tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.

    Natijada talabalarda huquqiy savodxonlik ortmoqda, sog‘lom ijtimoiy muhit shakllanmoqda, hamjihatlik va o‘zaro hurmat ruhiyati kuchaymoqda.

    Xulosa o‘rnida bugun Toshkent davlat yuridik universiteti talabalar turar joylarida yaratilgan imkoniyatlar Yangi O‘zbekiston siyosatining yoshlar manfaatiga xizmat qilayotganining yorqin isbotidir.

    Qulay yashash sharoiti, sog‘lom muhit, mazmunli dam olish imkoniyatlari va intizomiy tartib – barchasi talabalarning ta’lim olishi samaradorligini oshirib, ularni maqsadli, irodali va barkamol shaxs sifatida voyaga yetishida muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

    Hakimova Gulnozaxon Yigitaliyevna.,
    Toshkent davlat yuridik universiteti
    Talabalar turar joyi tarbiyachi-pedagogi