Qayd etilishicha, bugungi kunda respublika bo'yicha jami 30 890 o'rinli 60 ta talabalar turar joyini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda. 2022 yil 1 avgust holatiga ko'ra, davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy quvvati jami 20 800 o'rinli 39 ta loyiha ustida ish olib borildi. Shundan Samarqand davlat universitetida tadbirkorning to'liq mablag'lari hisobidan 1 ta 350 o'rinli yotoqxona foydalanishga topshirilgan.
Jami 4 800 o'rinli 11 ta loyiha Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklik agentligi tomonidan davlat reestriga olingan. Shuningdek, jami 3 000 o'rinli 7 ta loyiha bitimi rasmiylashtirish jarayonida turibdi. Toshkent shahridagi 1 ta 1 000 o'rinli yotoqxona qurilishi loyihasi tender bosqichida. Moliya vazirligi huzuridagi Davlat xususiy sheriklik agentligi rasmiy saytiga, tegishli vazirliklar hamda OTM rasmiy saytlarida 3 300 o'rinli 5 ta loyiha bo'yicha e'lon berilgan. Bular Jizzax pedagogika institutidagi 2 ta 1200 o'rinli, Guliston davlat universitetidagi 1 ta 600 o'rinli, Toshkent davlat pedagogiga universitetidagi 1000 o'rinli hamda Nukus davlat pedagogiga institutidagi 500 o'rinli yotoqxonalar qurilishi loyihalaridir. SHu bilan bir qatorda bugungi kunda bularga qo'shimcha ravishda 14 ta 8 350 o'rinli loyiha yuzasidan kontseptsiya hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, davlat oliy ta'lim muassasasi va davlat byudjeti mablag'lari hisobidan teng ulushda amalga oshiriladigan, OTMning to'liq o'z mablag'lari hisobidan quriladigan, hamda Investitsiya dasturi doirasidagi loyihalar bo'yicha ham ish olib borilyapti. Ular doirasida jami 10 090 o'rinli 21 ta yotoqxonalar qurilmoqda. Shundan Qoraqalpoq davlat universitetida 550 o'rinli talabalar turar joyi universitetning to'liq o'z mablag'i hisobidan qurib bitkazildi. Bundan tashqari, bugungi kunda 1 ta 240 o'rinli loyiha tender bosqichida. 11 ta 4 850 o'rinli loyihaga smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.