Маълумки, Президентимизнинг 2019 йил 8 октябрдаги “Ўзбекистон Республикаси олий таълим тизимини 2030 йилгача ривожлантириш концепциясини тасдиқлаш тўғрисида”ги фармонида олий таълим тизимида коррупцияга қарши курашиш ва шаффофликни таъминлашнинг таъсирчан механизмларини жорий этиш бўйича бир қатор тадбирлар амалга оширилиши белгиланган.
Ma'lumki, Prezidentimizning 2019 yil 8 oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida oliy ta'lim tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta'minlashning ta'sirchan mexanizmlarini joriy etish bo'yicha bir qator tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan, oliy ta'lim tizimida korruptsiyaning har qanday ko'rinishiga barham berish, oliy ta'lim muassasalarini tajribali, halol, pok vijdonli, mas'uliyatli professor-o'qituvchi va xodimlardan shakllantirib, ularning vazifalarini aniq belgilab berish, vazirlik hamda oliy ta'lim muassasalari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan aloqalarni mustahkamlash kabi faoliyatning asosiy yo'nalishlari ko'rsatib o'tilgan.
Mazkur yo'nalishda qator ijobiy ishlar olib borilayotganiga qaramay, amaliyotda salbiy holatlar ham uchrab turibdi. Masalan, Buxoro davlat universiteti o'qituvchisining talabadan moddiy ko'rinishdagi sovg'a olish bilan bog'liq xolat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo'ldi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo'mitasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziriga so'rov xati yubordi. Unda vazirdan oliy ta'lim tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish «komplaens nazorat» (compliance control) tizimini joriy etish va uning samaradorligini monitoring qilish borasida amalga oshirilayotgan aniq ishlar, shu jumladan, tizimda xodimlarning sovg'a tariqasida olishi mumkin bo'lgan qimmatliklar cheklovi va boshqa odob-ahloq qoidalarini nazarda tutuvchi normativ hujjatlar ishlab chiqilganligi va ularning ijrosi to'g'risidagi ma'lumotni, shuningdek, bu borada qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni taqdim etish so'raldi.