Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva Shavkat Mirziyoyevga tegishli mutasaddilarga chekka hududlarni ham tezroq internet bilan taʼminlash va talabalar uchun arzonlashtirilgan internet trafiklari ajratish boʻyicha taklif bergani haqida OʻzA xabar berdi. Kechagi yigʻilishda Davlatimiz rahbari ayni ushbu taklif yuzasidan topshiriq bergan.

— Talabalar bilan doimiy muloqotdamiz, yangi oʻquv yilini boshlashda nimalarga eʼtibor berish haqida takliflar olyapmiz. Pandemiya sabab oʻtgan yili ikkinchi semestrni onlayn tarzda tashkil qildik, himoyalarni oʻtkazdik. Lekin shundan soʻng koʻpchilik talabalarda oʻziga xos takliflar va talablar yuzaga keldi. Agar yangi oʻquv yilini biz onlayn boshlaydigan boʻlsak, chekka qishloqlarni ham internet bilan taʼminlash masalasini hamda talabalar uchun muhim boʻlgan arzonlashtirilgan internet trafiklarni ajratish borasida murojaat qildim va Prezidentimiz tegishli mutasaddilarga bu boʻyicha topshiriq berdilar. Oʻylaymanki, bu hammamiz uchun juda ham qulay sharoitni vujudga keltiradi, — dedi Gulchehra Rixsiyeva.