Talabalarga turar joy muammo emas

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 30-iyuldagi “Oliy taʼlim muassasalari talabalarini turar joy bilan taʼminlash chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi asosida 2024/2025 oʻquv yili boshlanishi arafasida talabalarni munosib kutib olish, oʻquv yilining dastlabki kunlarida talabalarni turar joy bilan tezkor taʼminlash boʻyicha yuzaga keladigan jiddiy muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish maqsadida 1-avgustdan 10-sentyabrgacha boʻlgan muddat “dolzarb qirq kunlik” sifatida belgilangan edi.

    Bu doirada dastlab Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar institutida 2024/2025 oʻquv yilida talabalarni turar joy bilan tezkor taʼminlash yuzasidan ishchi guruh shakllantirildi. Uning asosiy maqsadi yangi oʻquv yiliga talabalarni munosib kutib olish, yotoqxonalarga onlayn joylashtirishda tegishli koʻrsatmalar berib borish, OTMga yaqin hududlardan ijara xonadonlar topish hamda oʻquv yilining dastlabki kunlarida turar joy bilan taʼminlash boʻyicha yuzaga keladigan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etishdan iborat.

    Ayni paytda institutda 1491 talaba mavjud. 2024/2025 oʻquv yilidan talabalar soni 2414 nafar boʻlishi kutilmoqda. Tabiiyki, uzoq viloyat yoki qoʻshni tumandan kelib tahsil olmoqchi boʻlgan talabalar uchun turar joy masalasi birlamchi hisoblanadi. Ularni turar joy bilan taʼminlashning shaffof va samarali tizimini joriy etish doirasida “Oliy taʼlim muassasalari talabalarini yotoqxonaga onlayn joylashtirish imkoniyatini beruvchi” axborot tizimida institutning 50 oʻrinli talabalar turar joyiga arizalar institutning barcha bosqich talabalarini Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan belgilangan mezonlar ketma-ketligi asosida joylashtirish boʻyicha taqsimot ishlab chiqilgan. Shu asosda imtiyozga ega talabalar my.gov.uz yagona interaktiv portal orqali TTJga joylashtirildi.

    Talabalar turar joyi barcha qulayliklarga ega holatga keltirilib, zamonaviy mebellar hamda kerakli maishiy texnikalar bilan jihozlandi. Xonalar 2, 3, 4 va 6 kishi turishi uchun moslashtirilgan. Yoshlarning darsdan boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun institut sport zalida turli toʻgaraklar tashkil etiladi. Shuningdek, maʼnaviyat xonasi, kutubxona, oshxonada ham barcha qulayliklar mujassam.

    Talabalarni ijara xonadonlarga joylashtirish boʻyicha ham barcha zamonaviy texnologiyalardan foydalanilgan holda zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, har bir talabani talabalar turar joyiga joylashtirish boʻyicha yordam koʻrsatish markazlari (infokiosk) faoliyatini yoʻlga qoʻyilib, tajribali volontyorlar biriktirildi. Hozir 705 nafar 2 va 3-kurs talabasining ijara joyi masalasi toʻliq hal etilgan. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, ijara xonadonda turuvchi talabalarning ijara pulining yarmi davlat byudjeti hamda OTMning byudjetdan tashqari mablagʻi hisobidan toʻlab beriladi.

    Talabalarning guruh tyutorlari orqali ijara xonadonlarga joylashishiga koʻmaklashish maqsadida yangi topilgan ijara uylar haqidagi maʼlumotlar (manzili, xonadon egasining ism-familiyasi, telefon raqami, ijara uyining narxi koʻrsatilgan holda) Telegram sahifasida eʼlon qilinmoqda.

    Oʻquv yili boshlanishi oldidan institutda tuzilgan ishchi guruh aʼzolari tomonidan institutga yaqin 12 ta mahallada yashovchi 300 dan ortiq xonadon egalari bilan uchrashuv oʻtkazilib, ijara xonadonlarni aniqlash maqsadida manzilli tadbirlar olib borildi. Natija 194 ta xonadonda 1970 talabani sigʻdirish imkoniga ega boʻlgan yangi ijara oʻrinlar zaxirasi yaratildi. Shu yilning 28-avgusti holatiga koʻra, 400 nafar 1-kurs talabasi hududdagi ijara xonadonlarga joylanishi taʼminlanmoqda.


    Xayrulla NISHONOV,

    Namangan davlat chet tillar institutining

    yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy

    ishlar boʻyicha birinchi prorektori


    Hamkorlik materiali