To‘g‘ri, bugunga kelib, pandemiya sharoitida o‘rnatilgan karantin tartiblari birmuncha yumshatildi va bu jarayon bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Ammo hali ham xotirjamlikka berilib bo‘lmaydi. Koronavirus infektsiyasidan muhofazalanishga oid talablarga qat’iy itoat etish zaruriyati hamon saqlanib turibdi.

Statistik ma’lumotlarda, nafaqat xorijdan qaytganlar yoki xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilaridan koronavirus infeksiyasi aniqlanayotgani, hatto aholi orasida ham bu kasallikni yuqtirib olayotganlar soni ortib borayotgani qayd etilayotgani barchamizni yanada sergaklikka, hushyorlikka chorlashi kerak.

Shunday ekan, karantin talablariga yanada jiddiyroq qarash fursati yetganligini eslatmoqchimiz. Yana o‘sha gigienik qoidalarga amal qilish, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobni echmaslik, qo‘lqoplardan foydalanish va boshqalar doimiy e’tiborimizda bo‘lishi kerak.

Yana bugungi kun talabidan kelib aytish joizki, chet eldan qaytib kelayotgan har bir inson koronavirus infeksiyasi bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazida tekshiruvdan o‘tishi albatta shart. Chunki, xorijda bo‘lganlar orasida hanuz juda ko‘p kasallanish holatlari kuzatilmoqda. Shunday ekan, tahlillar topshirish har bir kishining ham fuqarolik, ham insoniylik burchiga aylanmog‘i lozim.

Ba’zida shamollab qolgan kishilar uyda o‘zlaricha davolanishmoqda. Ammo ayrim hollarda sanitariya-epidemiologik talablarga rioya etish unutib qo‘yilyapti. Bunday paytlarda ham albatta tahlillar topshirish zarur va shart. Shundagina gumon va hadiklarga, shubhaga o‘rin qolmaydi.

Yana bitta xavf xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilarining xatti harakatida namoyon bo‘lmoqda. Ular ko‘pincha belgilangan talablarni buzishyapti. Qidirilganda ro‘yxatdan o‘tilgan joydan topilishmaydi. Turli joylarga borib, kasallik tarqalishiga sababchi bo‘lishmoqda. Bunga mahalla ahli, ichki ishlar idoralari xodimlari  jiddiy qarashmasa bo‘lmaydi. Yurtimizga kirib kelgan har bir haydovchi qattiq nazoratda turishi, ulardan zudlik bilan tahlillar olinishi zarur.

Aziz hamyurtlar!

Pandemiya sharoitida koronavirus infektsiyasidan ishonchli saqlanish o‘z qo‘limizda ekanligini aslo unutmaylik. Biz o‘ta  murakkab jarayonni boshdan kechiryapmiz. Davlatimiz g‘amxo‘rligi bilan kasallikni aniqlash, karantin tadbirlarini o‘tkazish va bemorlarni davolash ishlari uzviy bog‘liq holatda olib borilib, ijobiy natijalarga erishilmoqda. Bu mas'uliyatli va qiyin vaziyatdan ortiqcha talofatlarsiz chiqib ketish siz va bizning hamkorlikdagi, izchil va qat'iyatli faoliyatimizga bog‘liq.

Shunday ekan, karantin talablariga, kasallikdan muhofazalanish tartiblariga ongili munosabatda bo‘laylik.Talabchanlik, ehtiyotkorlik, hushyorlik va hamjihatlik doimiy odatimizga, turmush tarzimizga aylansin.

Solijon  MO‘MINOV,

Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i