O‘tgan to‘rt yil mobaynida, mazkur anjuman mahalliy va xalqaro o‘qituvchilarni (oliy o‘quv yurtlari, umumta’lim maktablari va xususiy ta’lim muassasalari), o‘quv dasturlari va adabiyotlari mualliflarini, chet tillarni baholash tashkiloti mutaxassislarini, nashriyot xodimlari, magistratura va doktorantura talabalarini birlashtiruvchi haqiqiy xalqaro tadbirga aylandi.

— Bu kabi tadbirlar, talabalarning ilm olishdagi muvaffaqiyati omilini belgilovchi ta’limdagi so‘nggi yangiliklar va innovasiyalar borasida chuqur tushunchaga ega bo‘lish imkonini beradi, — dedi, Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti rektori Bahrom Mirqosimov. Shuningdek, rektor konferensiya o‘qituvchilarning proffesional rivojlanishiga katta hissa qo‘shinini alohida ta’kidladi.

Anjumanda so‘zga chiqqan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining favqulodda va muxtor elchisi Timoti Torlot, bir necha tillarni o‘rganishdagi o‘z hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashib, bugungi kun innovasion texnologiyalari bu jarayonni ancha osonlashtirganini ta’kidlab o‘tdi.

Anjuman davomida til o‘rgatish bo‘yicha nufuzli TESOL tashkiloti prezidenti, professor Joys Kling, Buyuk Britaniyaning Uorik universiteti professori Entoni Liddikot, Bilimlarni baholash bo‘yicha loyihalar menejeri, Britaniya kengashi a’zosi janob Aidan Xolland hamda Ingliz tilini o‘qitish (ELT) bo‘yicha maslahatchi va o‘qituvchilarni malakasini oshirish bo‘yicha trener, MM Publications xodimi, janob Kristofer Vasiliu va bir qator boshqa olim va mutaxassislar so‘z olishdi.

Konferensiyaning asosiy kun tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan  “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim”, deb e’lon qilingan dasturda belgilangan tashabbuslarni hayotga tatbiq etishga o‘z hissasini qo‘shuvchi o‘qitish va o‘qishning talabaga yo‘naltirilgan ta’lim turlari borasidagi so‘nggi yangiliklar mohiyati muhokamasiga qaratildi.