Taʼlim islohotlarida yangi bosqich: Yangi Oʻzbekiston kelajagi maktabdan boshlanadi

    Taʼlimda “oʻquvchi markaz”ga aylansa, pedagog “oʻqituvchi emas, yoʻlboshchi”ga aylanishi zarur.

    Bugungi global dunyoda har qanday davlatning kelajagi uning taʼlim tizimiga bogʻliq. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi – maktabgacha va maktab taʼlimi tizimidagi islohotlarning navbatdagi strategik bosqichi sari qoʻyilgan muhim qadam boʻldi. Yigʻilishda taʼlim sohasidagi amaliy natijalar, mavjud muammolar va ularning aniq yechimlari yuzasidan atroflicha soʻz bordi.

    Yigʻilish avvalida Davlatimiz rahbarining Xalqaro oila kuni munosabati bilan aytib oʻtgan soʻzlari – taʼlim masalasining oila va jamiyat bilan uzviy bogʻliq ekanini yana bir bor tasdiqladi. Sogʻlom muhitda tarbiyalangan farzand – kelajakda sogʻlom fikrli shaxsga, jamiyat tayanchiga aylanadi. Shu sababdan, maktabgacha taʼlim qamrovini 78% ga yetkazish, oiladagi tarbiyani zamonaviy pedagogika bilan uygʻunlashtirish gʻoyasi davlat siyosatining markaziy nuqtasiga aylanganini koʻrsatadi.

    Soʻnggi 7-yilda taʼlim sohasiga ajratilgan mablagʻ 7 barobarga oshdi. Joriy yilning oʻzida bu sohaga 60 trillion soʻm ajratildi. Lekin moliyaviy yordam yetarli boʻlmasada bu islohotlar sifatga aylanmasa koʻzlangan natijaga erishib boʻlmaydi. Mahalliy va xususiy sektor hamkorligida qurilayotgan maktablar, oʻqituvchilarga joriy etilgan ustamalar, kerakli zamonaviy jihozlar – bularning barchasi samara berishi uchun ilmiy-metodik yondashuv, pedagogning shaxsiy malakasi asosiy oʻringa chiqishi lozim.

    Pedagogika oliygohlari – kadrlarni “masʼul va sifatli” tayyorlashning asosiy manbadir. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Milliy pedagogika universiteti sifatida transformatsiya qilinishi, Avloniy institutining yangi vazifalari, mahalliy va xorijiy dasturlar asosida malakani oshirish mexanizmlari – barchasi nafaqat oʻqituvchi, balki taʼlim tizimining oʻzi ham transformatsiya qilinayotganidan dalolat beradi.

    Taʼlimda “oʻquvchi markaz”ga aylansa, pedagog “oʻqituvchi emas, yoʻlboshchi”ga aylanishi zarur. Buning uchun esa ustozning bilimi, yondashuvi va koʻnikmasi jahon talablariga mos boʻlishi shart.

    Yoshlarning boʻsh vaqtini samarali tashkil etish, ijtimoiy tarmoqlar taʼsirini kamaytirish, ularni ilm, sport va madaniyatga jalb qilish – bu ham taʼlimning bir qismi, ijtimoiy tarbiyaning davomi hisoblanadi. “Barkamol avlod” maktablarini qayta tashkil etish, “Raqamli avlod” va “Zakovat” loyihalarini kengaytirish, “Yoshlar turizmi oyligi”ni oʻtkazish orqali yoshlar oʻz salohiyatini anglaydi, shaxsiy oʻsishga intiladi.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilayotgan “Prezident iqtidorli farzandlari” dasturi hamda “Garvardchilar maktabi” – elita taʼlimi konsepsiyasining amaliy ifodasi boʻladi. Bu orqali nafaqat oʻzbekistonlik yoshlar “Top-10” oliygohlarga kirish imkoniyatiga ega boʻladi, balki ularni maqsadli tayyorlash, mamlakat kelajagi uchun yetakchi mutaxassislarni yetishtirish yoʻli ochiladi.

    Maktab taʼlimi islohotlari faqat shakl yoki infratuzilma emas, balki mazmun, uslub va samaraga taalluqli jarayondir. Zamonaviy laboratoriyalar, metodik bazalar, pedagog trenerlar instituti, kasbiy sertifikatlash va xalqaro tajriba – bugun taʼlimni “manbadan” isloh qilishni anglatadi.

    Bugun maktab faqat dars oʻtiladigan joy emas – u kelajak poydevori. Taʼlim sohasidagi har bir qaror, har bir oʻzgarish mamlakatning keyingi 10-20-yildagi muvaffaqiyatini belgilaydi. Prezident rahbarligidagi taʼlim islohotlari – bu shunchaki siyosiy qaror emas, bu milliy taraqqiyotning poydevori, maʼnaviy tiklanishning asosiy manbaidir.

    Sifatli taʼlim – barqaror jamiyat kafolati sanaladi. Unga erishish uchun esa islohotlardan natija, natijadan esa masʼuliyat talab etiladi.

    Rustamjon Rahimboyev,

    Buxoro davlat pedagogika instituti magistranti