“Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalarida oʻquvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”da oʻquvchilar uchun vitamin va mikroelementlar tanqisligining oldini olish talablari keltirib oʻtilgan.
Unga koʻra, vitaminlarga boʻlgan tabiiy ehtiyojni qondirish uchun ovqatlanish ratsionini qoʻshimcha ravishda tarkibida vitamin va mineral tuzlar boʻlgan mikronutriyentlar bilan boyitishga ruxsat beriladi.
Buning uchun taomnoma tarkibida mikronutriyentlarni saqlovchi maxsus oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, vitaminlashtirilgan instant ichimliklarni kiritish va uchinchi taomlarni maxsus vitaminli-mineral aralashmalar bilan vitaminlashtirish tavsiya etiladi.
Taomlarni vitaminlashtirish jarayoni tibbiyot xodimi (u yoʻq boʻlgan holda boshqa masʼul shaxs) nazorati ostida amalga oshiriladi. Vitaminlashtirilgan taomni isitish tavsiya qilinmaydi.
Uchinchi taomni vitaminlashtirish koʻrsatmalarda belgilangan aralashma(premiks)lardan foydalanish tartibiga koʻra amalga oshiriladi. Instant vitaminli ichimliklar belgilangan foydalanish tartibi asosida, bevosita isteʼmol qilishdan oldin tayyorlanadi.
Ratsionni qoʻshimcha ravishda mikronutriyentlar bilan boyitish jarayonida ularning aniq miqdori hisobga olinishi shart.
Taomlarni vitaminlashtirish oʻrniga, draje, tabletka, pastilka yoki boshqa koʻrinishdagi polivitamin preparatlarni qoʻllash mumkin emas.
Taʼlim muassasasi rahbariyati muassasada vitamin va mikroelementlar tanqisligi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida ota-onalarni xabardor qilishi shart.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.