Shu yilning 13-mart kuni mamlakatimiz Prezidentining Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish maqsadida “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi.

Unga muvofiq:

  • Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutaxassislaridan tashkil topgan ishchi guruhlar va tegishli komissiyalar tashkil etildi;
  • halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila aʼzolariga belgilangan imtiyoz va kafolatlarni tatbiq etish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Faxriylar toʻgʻrisida”gi, “Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Harbiy xizmatchilarning pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunlari loyihalarini ishlab chiqishga kirishildi;
  • ofitserlar tarkibidagi halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning nomlari Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalariga biriktirildi;
  • Mudofaa vazirligi tizimida Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar oilalari harbiy qism va muassasalar tomonidan otaliqqa olindi.

Halok boʻlgan harbiy xizmatchilar oilalarini otaliqqa olgan harbiy qism va muassasalar tomonidan:

  • har yili marhum harbiy xizmatchi nomi bilan tanlovlar tashkil etish;
  • xizmat burchini bajarish vaqtida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarga bagʻishlangan xotira burchaklarini yaratish;
  • hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, mahalla nuroniylari, harbiy xizmatchilar, umumtaʼlim maktablarining “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati oʻquvchilaridan iborat targʻibot-tashviqot guruhlarini tuzish;
  • umumtaʼlim maktablarida, kasb-hunar texnikumlarida va akademik litseylarda oʻquvchi-yoshlar orasida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning koʻrsatgan jasorati, vatanparvarligi va ona-yurtga sadoqatini targʻib qilib borish;
  • halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari va yaqinlarining xonadonlariga tashriflar uyushtirish, ularga maʼnaviy va moddiy koʻmak koʻrsatish, yashash xonadonlarida hamda dafn etilgan joylarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
  • halok boʻlgan harbiy xizmatchilarni biriktirilgan harbiy qism, muassasalarning boʻlinma shaxsiy tarkibi roʻyxatiga kiritish hamda tungi yoʻqlama vaqtida ularning nomlarini muntazam oʻqib eshittirish kabi ishlar koʻzda tutilgan.

Qahramon oʻgʻlonlar xotirasini abadiylashtirish, ularning oila aʼzolariga har tomonlama gʻamxoʻrlik koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kiritilgan imtiyozlar va kafolatlar, ularning doimo davlatimiz, jamiyatimizning eʼtiborida boʻlishi mamlakatimizda inson qadri, insonni eʼzozlash eng asosiy masala ekanligining yaqqol ifodasi boʻldi.