Birinchi kuni IHTT bosh kotibining Taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va inspeksiya huzurida tashkil etilgan Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirishi milliy markazi faoliyati bilan tanishdi.

Xususan, markazdagi bosmaxona, chop etilgan qoʻllanmalar, studiya va bu yerda tayyorlangan videodarslar hamda testlarni tajrima qilish va ekspertizadan oʻtkazish uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

– Bugun mamlakatimizda taʼlim sohasini isloh qilish, oʻqitish sifati va samaradorligini muntazam oshirib borish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻqitish metodikasi va taʼlim natijalarini baholash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish boʻyicha katta islohotlar boshlangan, – dedi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev. – Biroq shu kunga qadar mamlakatimizning taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etmagani mavjud holatni xalqaro darajada baholash, boshqa davlatlar bilan taqqoslash va tahlil qilish imkoniyatini cheklab kelayotgan edi. Prezidentimiz tashabbusi bu borada ham ilk qadamlar qoʻyildi. Xususan, 2018-yilda inspeksiyamiz huzurida Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil qilinib, unga umumtaʼlim muassasalarining xalqaro tadqiqotlarda ishtirokini taʼminlash vazifasi yuklandi.

Qayd etilganidek, oʻtgan davrda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) hamda Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) oʻrtasida kelishuvga erishilib, Oʻzbekiston ilk marotaba PISA, TALIS, PIRLS va TIMSS xalqaro dasturlarida ishtirok etmoqda.

2021-yili yurtimizdagi 83 ta maktabda PISA tadqiqotining tajriba-sinovi oʻtkazildi. Endi tanlab olingan 202 ta taʼlim muassasasida bu yil aprel-may oylarida asosiy sinov jarayonini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Oʻz navbatida, PISA dasturining tashabbuskori mamlakatimizda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish hamda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ishlarini eʼtirof etar ekan, bu borada oʻz taklif va tavsiyalarini bildirib oʻtdi.

– Koʻrib turibmanki, inspeksiya Oʻzbekistonda taʼlim mazmunining markazida turibdi. Jumladan, oʻquvchilarning yaxshi oʻzlashtirishi, oʻqituvchilarning malakasi oshirilishi hamda ilgʻor mamlakatlarning eng yaxshi tajribalarini joriy qilish yoʻlida sezilarli ishlar yoʻlga qoʻyilgan, – dedi Andreas Shlyaxer. – Xususan, milliy markazda PISA tadqiqotlariga tayyorgarlik jarayonini koʻrib mamnun boʻldim. Materiallarni tarjima qilish, chop etish va joyiga yetkazish uchun barcha sharoit yaratilgan. Yurtingiz ilk marotaba PISA jarayonida ishtirok etayotgani quvonarli. Biroq jarayon natija eʼlon qilinishi bilan toʻxtab qolmaydi. Shu asosda sohani takomillashtirish bilan bogʻliq xulosalar qilish, zarur islohotlarni amalga oshirish juda muhim.

Uchrashuv yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha muhokamalarni yanada kengroq davrada, mutasaddi vazirlik va idoralar ishtirokida davom ettirishga kelishib olindi.

Bugun poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida “Taʼlimdagi xalqaro tadqiqotlarning Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida xalqaro anjumani boʻlib oʻtadi.