“Taʼlim-tarbiya – bu bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi”, — Shavkat Mirziyoyev

    Hukumat 28 Yanvar 2022 9829

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi.

    — Taʼlim-tarbiya – bu bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi. Shu bois, bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yoʻq.

    Qanchalik murakkab boʻlmasin, maktab taʼlimida poydevorni bugundan mustahkam qoʻyishimiz kerak. Chunki biz koʻp vaqt yoʻqotganmiz.

    Agar kimda-kim maktab bu faqat Xalq taʼlimi vazirligining ishi, deb oʻylasa, mutlaqo yanglishadi.

    Maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar vazirlik va idoralar, tarmoq rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi boʻlishi shart va zarur. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin, — dedi davlatimiz rahbari yigʻilish avvalida.

    — Besh yillik yangi Taraqqiyot strategiyamizni eʼlon qildik, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz soʻzida davom etib. — Oldimizga yalpi ichki mahsulot va eksportni karra-karra oshirish, sanoatni va axborot texnologiyalarini keskin rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ulkan marralarni oldik.

    Bu vazifalarni kim uddalaydi? Albatta, maktabda zamonaviy bilimlarni egallagan, raqobatbardosh yoshlar.

    Umuman, respublika boʻyicha 10 ming 130 ta maktabni isloh qilish 6 milliondan ziyod oʻquvchi, 500 mingdan ortiq muallim, umuman, jamiyatimizning barcha qatlamlari, har bir oilaning kelajagi bilan chambarchas bogʻliq.

    Shu bois, bizga sifatli taʼlim tizimi, zamon talablariga javob beradigan va barcha shart-sharoitlarga ega maktablar, ularda malakali pedagog-kadrlar, boshqaruvchilik va liderlik qobiliyatiga ega maktab direktorlari kerak.

    Taraqqiyot strategiyasida toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish ham, “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad”ning 5 ta maqsadi hamda undagi 18 ta vazifalar ham bevosita maktab taʼlimi bilan bogʻliq".