Elektr energiya ishlab chiqarish sohasida zamonaviy, yuqori samarador va energotejamkor texnologiyalarni joriy etish borasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan navbatdagi investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Navbatdagi investitsiya loyihasi «Tolimarjon IES» AJda amalga oshiriladi. Unga koʻra, 2025-yil yakuniga qadar umumiy quvvati 900 MVt dan kam boʻlmagan navbatdagi ikkita bugʻ-gaz qurilmalarini qurish ishlari olib boriladi.

Loyihaning bosh pudratchilari etib Ispaniyaning “Intecsa Ingeniera Industrial S.A.” va Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari tanlanib, ushbu kompaniyalar bilan shartnomalar imzolandi. Ushbu loyiha Osiyo taraqqiyot bankining imtiyozli kredit mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼlumotiga tayanib.

Yangi investitsiya loyihasi Samarqand va Buxoro viloyatlari isteʼmolchilarini, Qarshi magistral kanalidagi yettita nasos stansiyasi va respublikamiz aholisini elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida, yiliga qoʻshimcha 7,2 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Yuqori tejamkor texnologiyalar hisobiga 520 million kub/metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Yana bir eʼtiborli jihati, atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 1 500 tonnaga kamayadi.

Deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼlumotiga tayanib.