Talimarjon yana-da obod goʻshaga aylandi

    Mamlakatimizda 25 Dekabr 2020 1846

    Davlatimiz rahbari asos solgan xalq bilan muloqot tizimi, kuchli insonparvarlik siyosati, ulkan bunyodkorlik harakati natijasida bugun mamlakatimizning eng olis, chekka nuqtalaridan biri – Nishon tumanidagi koʻpmillatli Tolimarjon shaharchasining ham yangi hayoti boshlandi.

    Qarshi shahridan 90 kilometr, Nishon tumani markazidan 50 kilometr uzoqdagi chegara hududda yagona ahil oila boʻlib yashab kelayotgan oʻzbek, turkman, tojik, rus, tatar kabi 17 millat vakillaridan iborat 11,5 mingdan ziyod tolimarjonliklar mana shunday obodlik, yangilanish va yasharish toʻlqinini ancha yillar kutgani rost.

    Ikki qavatli 100 ta uy, 400 oʻrinli madaniyat saroyi, bolalar bogʻchalari, umumtaʼlim maktablari, tibbiyot muassasalari, yoʻl, suv, kanalizatsiya, tabiiy gaz va elektr tarmoqlarining butkul taʼmirlanishi, yangi-yangi binolar barpo qilinishi, 120 oʻrinli tikuvchilik korxonasi, 90 dan ziyod oilaga dehqon xoʻjaligi uchun yer ajratilishi – “Xalqimiz bugun oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashi kerak” degan hayotbaxsh gʻoyaning yorqin amaliy isbotidir.

    Shu bois ham Miroblar shahri yangi qiyofasining yaxlit ansamblini tashkil qiluvchi navbatdagi obyektlarni foydalanishga topshirish tadbirlari ham millatlararo doʻstlik festivaliga aylanib ketdi. Qashqadaryo zaminidan yetishib chiqqan sanʼat namoyandalari, madaniyat, teatr, kino va estrada vakillarining Toshkent shahridan mehmon boʻlib kelishi esa nur ustiga nur boʻldi.

    Prezidentimiz yoʻlga qoʻygan xalq roziligi yoʻlidagi yaxlit tizim, puxta va aniq mexanizm natijasida Tolimarjondagi bu maskanga yana fayz qaytdi, nur indi. Mazkur maʼrifat, sanʼat va madaniyat koshonasi bugun Tolimarjonda millatlar doʻstligini yana-da mustahkamlovchi rishta oʻlaroq oʻzining yangi davrini boshladi.

    Markazning tantanalar foyesi shu kuni moʻjaz shahardagi turli millatlarning doʻstlik bayramiga, oʻxshash madaniyatlar, urf-odatlar va anʼanalar birlashgan katta sanʼat anjumaniga aylandi.

    Tallimarjonga poytaxtimizdan mehmon boʻlib kelgan sanʼatkorlarga “Obod markaz” loyihasi doirasida shaharda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, millatlararo doʻstlik muhiti haqida atroflicha soʻzlab berildi. Oʻzaro suhbatlarda ham, katta konsert dasturida ham bir haqiqat bot-bot taʼkidlandi: davlatimiz rahbari asos solgan yangi bunyodkorlik harakati nafaqat chekka-olis hududlar qiyofasini, balki insonlar qalbini, ongu dunyoqarashini ham yangilamoqda. Mana shunday zamonaviy, muhtasham madaniyat markazi ostonasidan bir hatlab, konsert yo spektakl tomosha qilgan, maʼrifat anjumani mehmoni boʻlgan har qanday inson albatta oʻz hayotini oʻzgartiradigan bir ulguga ega boʻladi.

    Shu kuni madaniyat markazida maqom, baxshichilik, folklor, amaliy sanʼat toʻgaraklari, yosh dasturchilar toʻgaraklari, turli millatlar urf-odatlari, sanʼati rivojlanishiga xizmat qiladigan madaniyat xonalari ish boshladi. Shu yoʻnalishlar boʻyicha oʻz maktabini yaratgan yirik sanʼat namoyondalari esa bu toʻgaraklarning ilk mashgʻulotlariga muallimlik qildi.

    Markazda 400 dan ortiq kitob fondiga ega axborot resurs markazi, jahon va oʻzbek adabiyotining 200 dan ziyod nodir namunalarini oʻzida mujassam etgan elektron kutubxona ham shaharcha aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun yana bir katta imkoniyat boʻldi.

    Ezgu amallar bir-biriga ulandi. Shu kuni madaniyat markazida tolimarjonlik ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor, “temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan uy-joysiz 16 nafar insonga – 16 ta oilaga doimiy foydalanish huquqi asosida turar-joy bilan ham taʼminlangani toʻgʻrisidagi sertifikat va orderlar topshirildi. Yangi uylar kalitlari esa tom maʼnoda ularning yangi hayot yoʻli darvozasini ham ochib beradi.

    Tolimarjonning “Tinchlik” mahallasidagi foydalanilmay turgan 2 qavatli binoning rekonstruksiya qilinishi bilan ogʻir ijtimoiy ahvoldagi 16 ta oila boshpanali boʻldi. Deylik, 2-guruh nogironi Burhon Boʻriyev oilasi va 2 nafar farzandi bilan ijarama-ijara sarson yurgan boʻlsa, endi Prezident Xalq qabulxonasi va sektorlar hamkorligida uning uy-joy masalasi hal qilib berildi. Ikki xonali turar-joy ular uchun najot qalʼasi boʻldi. Yoki shu vaqtga qadar voyaga yetmagan 2 nafar farzandi bilan ota uyida 3 ta oila bilan siqilibroq kun kechirgan Nilufar Odinayeva ham mamlakatimizdagi insonparvarlik siyosati bois doimiy turar-joy bilan taʼminlandi.

    “Obod markaz” loyihasi doirasida Tolimarjon shahridagi ikki qavatli 100 ta uy-joy bosh-oyoq kapital taʼmirlandi. Yaqin-yaqingacha shu uylarda bulutli havodan-u tomdan chakka oʻtishidan yuragi zada boʻlib ketgan qariyb 1,3 mingta oila vakillari bugun qor-yomgʻirni nihoyat fayz-baraka inoyati sifatida qabul qiladigan boʻldi. Bu uylar rekonstruksiyasi bilan birga shaharda 10-15 yildan buyon ishlamayotgan kanalizatsiya tarmogʻi ham taʼmirlanib, ishga tushirildi.

    Miroblar shaharchasiga obi hayot yetkazib beradigan tizim 40 yil deganda rekonstruksiya qilindi. Eskirgan 4 ta nasos yangilandi, har biri 2 ming metr kub suv sigʻimiga ega 2 ta suv toʻplash-tarqatish inshoati taʼmirlandi. Shaharga suv eltuvchi 9,6 km. magistral, 59,6 km. ichki tarmoq taʼmirlandi. Natijada shahar aholisi toʻliq ichimlik suvi bilan barqaror taʼminlandi, ilk marta 2 qavatli uylarga obi hayot kirib bordi.

    Transformatorlarning bittasi yangilanishi, 18 tasi taʼmirlanishi bilan elektr energiyasi taʼminoti ham barqarorlashdi. Shahardagi barcha gaz tarmoqlari tartibga keltirilib, joriy taʼmirlangach, “zangori olov” piligi koʻtarildi. Tolimarjonga kirib keluvchi 12 km. yoʻl esa taʼmirlandi.

    Uylar atrofi obodonlashtirilib, bolalar maydonchalari, ayvonchalar, shinam tandirxonalar qurildi. Bu bilan shaharning chiroyi ochildi, odamlarning qalbi ham quyoshdek yorishib ketdi. Shaharga yana zamonaviy turmush madaniyati qaytdi.

    Qirq besh yil avval choʻlquvarlar karvonida Tolimarjon shahrini barpo qilish uchun turmush oʻrtogʻi bilan Tojikistondan koʻchib kelgan Galiya Nazarova ham bugun necha yillik orzu-armonlari ushalganini aytib charmaydi.

    Shahar hayotidagi yana bir yangilik – “temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini taʼminlash uchun 120 ish oʻrniga ega “Tolimarjon baraka chevarlari” korxonasi ish boshladi. Toshkentdan gastrolga kelgan 30 dan ziyod sanʼatkorlar esa mazkur korxonaning ilk mehmonlari boʻlishdi. Kiyim tanlash bobida anchayin didi nozik sanʼatkorlar ham tolimarjonlik chevarlar mehnatiga yuqori baho berdi.

    Talimarjonda Nishon tumani davlat xizmatlari markazi filiali qurilib, foydalanishga topshirilishi bilan hudud aholisi bir hujjat uchun 50 kilometr yoʻl bosib tuman markaziga borib-kelish azobidan qutildi. Eʼtiborlisi, shahar va uning atrofidagi mahallalarda yashovchi qariyb 33 ming aholi shu yerda davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

    “Obod markaz” loyihasi doirasida hududdagi ikkita maktabgacha taʼlim tashkiloti ham rekonstruksiya qilindi. Xususan, oʻttiz uch yil avval qurilgan 19-maktabgacha taʼlim tashkiloti bosh-oyoq taʼmirlangach, bolalar qamrovi 150 oʻrindan 240 oʻringa oshdi. Shahardagi 150 qatnovga moʻljallangan poliklinika va 40 oʻrinli shifoxona ham 40 yil deganda taʼmirlanishi bilan tolimarjonliklarga shu yerning oʻzida sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratilmoqda.

    Ikki qavatli uylar atrofidagi 9 gektar yer oʻzlashtirilib, “temir daftar”ga kiritilgan 90 dan ziyod oilaga dehqon xoʻjaligi uchun ajratib berilgach, shuncha oila roʻzgʻoriga ham baraka kirdi.

    Shahardagi bayram sayllari kechga qadar davom etdi. Ayniqsa, mahobatli madaniyat markazi binosi atrofi anchayin gavjum boʻldi. Biz ham kun boʻyi shahar aylanar ekanmiz, Tolimarjondagi subhidamdan to shom qorongʻusigacha boʻlgan muddatdagi taassurotlarimizdan bir xulosaga keldik: davlatimiz rahbarining insonparvarlik, xalqparvarlik siyosati bois bugun Tolimarjon shahri ham chin maʼnoda choʻl poytaxtiga, janub javohiriga evrilmoqda. Miroblar shahrining yangi tarixi bunyod qilinishi, bu yerda eng birlamchi hayotiy ehtiyojlarni taʼminlash uchun barcha infratuzilma yaratilayotgani bilan esa Tolimarjon har bir investor uchun jozibador hududga ham aylanmoqda.