Men rahbarlik qilayotgan Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanidagi 6-sonli Davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktab-internati matematika-fizika fanlari chuqurlashtirib oʻqitiladigan taʼlim muassasasi hisoblanadi. Bugungi kunda maktab-internatimizda 370 nafar oʻquvchiga 40 nafar oʻqituvchi-pedagog zamonaviy, ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida taʼlim berib kelmoqda.

Bugungi kunda oʻquvchilarga taʼlim-tarbiya berishda zamonaviy, ilgʻor pedagogik texnologiyalarning oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Darhaqiqat, taʼlimda zamonaviy, ilgʻor pedagogik texnologiyalar taʼlim jarayonining unumdorligini oshiradi, oʻquvchilarning mustaqil fikrlash jarayonini shakllantiradi. Bir soʻz bilan aytganda, zamonaviy ilgʻor pedagogik texnologiyalar, birinchidan, oʻquvchilarni bilim, koʻnikma va malakasini oshirishga imkoniyat yaratsa, ikkinchidan, oʻqituvchining ham professional oʻsishiga, maʼnaviy rivojlanishiga yordam beradi.

XXI asr axborot texnologiyalari asri, deb bejiz atalmayapti. Bugungi kunda dunyo miqyosida axborot kommunikatsiya tizimi yuksak darajada rivoj topib bormoqda va bu boshqa sohalar qatori taʼlim sohasiga ham jadal kirib borib, uni yana-da sifatli tashkil etishga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Shu nuqtayi nazardan bugungi kun oʻqituvchisi AKTdan foydalanishni chuqur bilishi, tahlil qila olishi va yangilik yaratish darajasida bilimli boʻlishi, darsni tashkil etish jarayonida barcha oʻquvchilarga tushunarli, oson, qiziqarli usullarni tanlashi va qoʻllay olishi, zamonaviy AKT va multimedia vositalari, kompyuterlardan foydalanishi, oʻquvchilarni ijodiy, mustaqil ishlashga undashi juda muhim omil hisoblanadi.

Maktab-internatimizda taʼlimning samaradorligini oshirish hamda oʻquvchilarning sifatli bilim olishlarini taʼminlash uchun oʻz sohasidagi bilimlarni mustahkam egallashdan tashqari zamonaviy pedagogik texnologiyalarni va interfaol usullarni yaxshi oʻzlashtirgan, ulardan oʻquv va tarbiyaviy mashgʻulotlarni tashkil etishda foydalana oladigan matematika fani oʻqituvchilari Tohirjon Qambaraliyev, Ziyodjon Mahkamboyev, Roxilaxon Amanova, Adhamjon Oʻsarov, Raʼnoxon Ortiqova, geografiya fani oʻqituvchisi Raʼnoxon Isoqova, ingliz tili fani oʻqituvchisi Otabek Ergashev, Munojotxon Sobirova kabi oʻqituvchilarimizning oʻquvchilari oʻtkazilayotgan turli fan olimpiadalari, turli koʻrik-tanlovlarda yaxshi natijalarni qoʻlga kiritib kelishmoqda.

Bugungi kunda maktab-internatimizda 2021-yilgi Davlat dasturiga asosan Namangan viloyati Uychi tumanidagi «Usta Noʻmon» qurilish firmasi tomonidan, 6 mlrd. 257 mln. 831 soʻm shartnomaviy qiymat asosida kapital taʼmirlash ishlari hamda yangi 300 oʻrinli oʻquv binosi qurilishi jadal olib borilmoqda. Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik toʻyiga maktab-internatining mukammal taʼmirlanishi va zamonaviy arxitektura andozalari asosida qurib bitkaziladigan yangi 300 oʻrinli oʻquv binosi oʻqituvchilar, oʻquvchilar va ota-onalari uchun munosib sovgʻa boʻladi.

Yangicha tashabbuslar, innovatsion gʻoyalar bilan taʼlim jarayonlari sifatini oshirish, farzandlarimizning fanlarni mukammal oʻzlashtirishlari yoʻlida samaradorlikka erishishda bor bilim, salohiyatimiz va kuch-gʻayratimizni safarbar etamiz.

Xurshida JOʻRAYEVA,

Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanidagi

6-sonli Davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim

maktab-internati direktori