Bugungi kunda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimi izchil oʻzgarishlar roʻy berayotgan sohalardan biri hisoblanadi. Yurtimizda soʻnggi yillarda 64 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilgani, qabul kvotalarining yil sayin koʻpayayotganining oʻziyoq fikrimizga yorqin misoldir. Ayniqsa, chet elning nufuzli universitet, institutlari filiallarining ochilayotgani yurtimizda oliy taʼlimning darajasini oshirishga xizmat qilyapti.

Hozir Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy oliy oʻquv yurtlarining 20 dan ortiq filiali mavjud. Ular orasida Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining oʻziga xos oʻrni bor. Bu taʼlim muassasasining asosiy vazifasi oʻquv, ilmiy va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash, shuningdek, mamlakatimizda mashinasozlik va avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.

Universitet Italiya bilan hamkorlikda ochilgan va Yevropa taʼlim tizimini toʻliq oʻzida mujassam etgan. Biz muhandislarni mashinasozlik texnologiyasi, avtomobilsozlik muhandisligi, sanoat axborot texnologiyasi va axborot boshqaruv tizimi, sanoat-xoʻjalik qurilishi va arxitektura sohalari boʻyicha oʻqitamiz. Butun oʻquv jarayoni Yevropaning kredit koʻchirish va jamgʻarib borish tizimi boʻyicha ingliz tilida olib boriladi.

Universitet tashkil etilganda asosiy maqsad sifatida mamlakatimizda avtomobilsozlik uchun kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan edi. Hozirgi vaqtda bitiruvchilarning ishga joylashish sohasi kengaygan. Biz tayyorlagan mutaxassislar “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatining koʻplab korxonalarida ishlayapti.

Bundan tashqari, neft va gazni qayta ishlash sanoati korxonalarida ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilingan mutaxassislarning asosiy qismini universitetimiz bitiruvchilari tashkil qiladi. Shuningdek, bitiruvchilarimizga qurilish kompaniyalari va xorijiy korxonalarda talab katta. Universitetimizni bitirgan koʻplab mutaxassislar ixtisoslashtirilgan davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralarda ishlaydi. Taʼkidlash joizki, bitiruvchilarning koʻpi shu bilan cheklanib qolmaydi va ilm-fan bilan shugʻullanadi.

Hozirgi vaqtda avtomobilsozlik sohasida robototexnika va mexatronika sohasidagi loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, talabalar elektromobillar, elektr avtobuslar, shuningdek, haydovchisiz transport vositalarining namunalarini tayyorlashdi. Misol tariqasida aytish mumkinki, biz haydovchisiz avtomobilning loyihasini ishlab chiqdik. U turizmda keng qoʻllanishi mumkin. Bunday mashina sayyohlarni tarixiy meʼmoriy obidalar oʻrtasida tashiy oladi. U GPS xarita va navigator yordamida boshqariladi. 2018-yilda ushbu loyiha respublika innovatsion gʻoyalar tanlovida eng yaxshi loyiha deb tan olindi.

Soʻnggi paytlarda dasturiy mahsulotlar soni ham oshdi. Bu loyihalar asosan startap koʻrinishida boʻlgani uchun dastlab universitetning maxsus jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladi. Belgilangan rentabellik darajasiga yetgach, tijorat asosida moliyalashtirishga oʻtkaziladi.

Italiyaning Turin politexnika universiteti QS jahon universitetlari reytingida 334-oʻrinni egallaydi. Qolaversa, Oʻzbekistonning 10 ta oliy taʼlim muassasasi qatorida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti ham Times Higher Education tomonidan dunyoning nufuzli oliygohlar qatoriga kirish uchun nomzod sifatida eʼtirof etildi. Bu universitetning diplomi dunyoda tan olinadi. Universitetimizning har bir bitiruvchisi ushbu diplomni olgani uchun bilimining sifat darajasi ancha yuqori.

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bitiruvchilariga ham Oʻzbekistonning, ham Italiyaning diplomlari topshiriladi. Bunday diplomga ega boʻlgan yoshlar dunyoning istalgan yirik kompaniyalarida ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.

Oʻqitish jarayoni Italiyadan yuborilgan professor-oʻqituvchilar tomonidan olib boriladi hamda imtihonlar qatʼiy nazorat qilinadi. Taʼlim sifati ham hamkorlarimiz tomonidan belgilanadi.

Oliy taʼlim muassasamizda talaba almashinuv dasturi bor. Malaka tanlovidan soʻng talabalar Italiyaga oʻqish va amaliyot oʻtash uchun yuboriladi. Talabalar uchun Maserati, Fiat, Ferrari kabi qator yirik kompaniyalarda amaliyot oʻtash imkoniyati mavjud.

Hozir talabalarimiz umumiy kontingentining 4 foizi chet elliklardan iborat. Ular Turkiya, Rossiya, Italiya, Qozogʻiston va boshqa qoʻshni davlatlardan kelgan. Soʻnggi paytlarda chet ellik talabalar sonini koʻpaytirish uchun koʻproq tadbirlar tashkil qilyapmiz. Natija yomon emas, xorijiy talabalar soni yildan yilga ortmoqda.

Professorlar tarkibini shakllantirish jarayoni Italiya tomonidan hal qilinadi. Hozir pedagoglarimizning 40 foizi italiyalik va qolgani mahalliy professor-oʻqituvchilardir. Ishga qabul qilingan mahalliy oʻqituvchilar Italiya tomonidan akkreditatsiyalanadi. Ular oʻz ilmiy darajasini nufuzli xorijiy komissiya oldida isbotlashi kerak. Shundan keyingina ular bilan 3 yilga shartnoma tuziladi. Italiya tomonidan taqdim etilgan sertifikat tufayli mahalliy oʻqituvchilar Yevropada dars berish imkoniyatiga ega boʻldi.

Muassasamizda ilmiy ishlar boʻyicha ikki nafar italiyalik prorektor faoliyat yuritadi. Kelgusida Italiya tomoni bilan kelishgan holda boshqa xorijiy davlatlardan ham malakali mutaxassislarni jalb qilishni rejalashtirganmiz.

Hozirga qadar oʻquv jarayonini italiyalik hamkorlarimiz bilan kelishgan holda olib bordik. Endi Italiyadagi mavjud oʻquv platformasini mahalliylashtirishga oʻtamiz. Yaʼni oʻqitish, oʻqituvchilardan onlayn va oflayn maslahat olish kabi jarayonlarni oʻzimiz tashkil qilamiz va boshqaramiz.

Universitet bitiruvchilarining bir yil davomida ishga joylashishi juda muhim va ragʻbatlantiruvchi faktdir. Tashkil etilganidan buyon oliy taʼlim muassasamizni 900 dan ortiq talaba bitirgan. Statistika shuni koʻrsatadiki, roʻyxatdan oʻtgan talabalarning atigi 60–70 foizi oʻqishni tugatadi. Bu faktga asoslanib, universitetimizda oʻqish nechogʻlik murakkabligini baholash mumkin.

Bitiruvchilarimiz uchun asosiy ish beruvchilar xalqaro kompaniyalardir. Yaʼni chet elliklar ishtirokida tashkil etilgan kompaniya va korxonalar universitetimizda tayyorlangan mutaxassislarni ishga taklif qiladi. Shuningdek, xorijiy kompaniyalar ham biz bilan hamkorlik qilish istagini bildirdi. Yaqinda Rossiyaning RBC banki talabalarimiz bilan yangi loyihani boshladi. Unga koʻra, bank tizimini toʻliq avtomatlashtirish boʻyicha ishlar talabalarimiz va professor-oʻqituvchilarimiz tomonidan bajariladi.

Universitetimizning marketing boʻlimi muntazam izlanishda. Qaysi sohalarda mutaxassislarga ehtiyoj ortib borayotganini koʻrib chiqyapmiz. Olingan maʼlumotlarga asoslanib, dasturiy injiniring, arxitektura va dizayn yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlash bilan shugʻullana boshladik. Bu — shaxsiy tashabbusimiz, Italiya tomoni bilan kelishuvlardan tashqarida. Bu tashabbusni amalga oshirish uchun chet eldan kuchli mutaxassislarni jalb qilyapmiz.
Bundan tashqari, iqtidorli yosh vatandoshlarimizni, shuningdek, chet elda tahsil olgan yigit-qizlarni ushbu sohalarda hamkorlikka taklif qilamiz.

Kelgusi besh yilda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetini dunyoning eng kuchli 1000 ta universiteti roʻyxatiga kiritishni rejalashtirganmiz. Keyingi maqsadimiz professor va talabalar sonini koʻpaytirish, universitet imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratiladi. Ilmiy izlanish bilan shugʻullanish istagidagi bitiruvchilarimiz uchun magistratura va doktoranturaga qabul kvotasini oshirish ham rejamizdan joy olgan.