Iqtisodiy taraqqiyot, farovon turmush zamirida ilm-fan, taʼlim sohasi rivojiga qaratilgan eʼtibor yotadi. Yurtimizda Uchinchi Renessansning roʻyobga chiqishi ham aynan ilm-fan taraqqiyotiga, yoshlarning bilimi, dunyoqarashi, intellektual salohiyatiga koʻp jihatdan bogʻliq. Jumladan, oliy taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini koʻpaytirish, ixtisoslashuv sohalarini kengaytirish, yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar ayni shu ezgu maqsadga erishish yoʻlidagi muhim odim sanaladi. Bu yoʻnalishda qabul qilinayotgan qaror va farmonlar xotin-qizlarning oliy taʼlim muassasalarida bilim olishga boʻlgan huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish, gender tenglik tamoyillari ustuvorligini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
“Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident farmoniga koʻra, mamlakatimizning kamida 10 ta universiteti 2030-yilga qadar xalqaro miqyosda tan olingan tashkilotlar reytingida oliy oʻquv yurtlari roʻyxatining dastlabki 1000 pozitsiyasiga kirishi koʻzda tutilgan. Buning uchun albatta, oliy oʻquv yurtlarini oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga bosqichmabosqich oʻtkazish, oʻquv jarayoniga zamonaviy kreditmodul tizimini joriy qilish talab etiladi. Ushbu tashabbuslar samarasi oʻlaroq, oʻtgan yillarda milliy OTMlarimiz birin-ketin xalqaro nufuzli reytinglarga kiridi va natijalar yildan-yilga yaxshilanib bormoqda.
Zamonaviy sharoitlarda barcha sohalar kabi oliy taʼlim xizmatlari bozoridagi globallashuv, milliy oliy taʼlim muassasalarining baynalminallashuvi jarayoni ular raqobatbardoshligini oshirishdagi bosh tendensiyalardan biriga aylanib borayapti. Yetakchi oliy taʼlim muassasalarimiz xalqaro taʼlim xizmatlari bozorida oʻzlarining raqobat mavqeini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Xorijiy talabalar sonining ortishi, avvalo, taʼlimni sifat jihatdan yangi bosqichga olib oʻtish bilan bogʻliq islohotlar natijasidir. Zamonaviy makonda global taʼlim xizmatlari bozoridagi infratuzilmaning rivojlanishi, THE, QS, ARWU, Webometrics kabi global raqobatbardoshlikning tizimli institutlari faoliyatini rivojlanishi abituriyentlar tomonidan oliy taʼlim muassasalari toʻgʻrisida teran maʼlumotlar olish va tanlash imkoniyatini yaratmoqda.
Xalqaro reyting agentliklari tomonidan shakllantiriladigan yetakchi universitetlar roʻyxati har bir reyting agentligining uslubiyoti asosida universitetlarning akademik, ilmiy, texnik va moliyaviy salohiyatining ayrim jihatlarini yoritib beradi. Ularning eng xususiyatli jihatlaridan biri yuqorida tilga olingan salohiyat elementlarini umumiy reyting koʻrsatkichilaridagi vaznining har xil ekanligidadir. Qolaversa, aksariyat reyting agentliklari dunyo universitetlari reyting koʻrsatkichi boʻyicha yetakchi universitetlarning cheklangan sonini eʼlon qiladi.
Mazkur ijobiy oʻzgarishlar, bir tomondan, oliy taʼlimda kadrlarni tayyorlashning sifat jihatdan yuksalishini taʼminlasa, ikkinchi tomondan, sohada raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu esa, oʻz-oʻzidan, oliy taʼlim muassasalarining xalqaro miqyosda oʻz nufuzini oshirishga xohish-istagi va rejali choralarini real voqelikka aylantirayotir.
Xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kirish masalasiga jiddiy yondashish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida ham saʼy-harakatlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, 2022-yilda “UI GreenMetric” reytingida universitetimiz dunyoning kuchli 500+ OTMlari qatoridan oʻrin oldi. Times Higher Education (THE) Xalqaro reyting agentligi tomonidan elon qilingan jahonning nufuzli universitetlari (THE Impact Rankings 2022) reytingida esa top 1001+ universitetlar roʻyxatiga kiritildi, umidli taʼlim muassasi sifatida yangi turdagi maqomga (reporter) ega boʻldi. Reporter maqomi reytingga kirish uchun faol ishlari bilan Times Higher Education reyting agentligini eʼtirofiga sazovor boʻlgan oliy oʻquv yurtlariga beriladi. Mazkur roʻyxatdagi oliy taʼlim muassasalari dunyoning nufuzli oliygohlari safiga kirish uchun nomzod sifatida tan olinib, mazkur yoʻnalishda Times Higher Education ularga yaqindan yordam berishga tayyor ekanligini anglatadi.
Mazkur xalqaro reyting agentligi 2004-yildan boshlab dunyo universitetlari reytingi bilan shugʻullanib keladi. Uning bu boradagi asosiy hamkorlari Thomson Reuters – yetakchi xalqaro axborot agentligi hamda Elsevier – yirik ilmiy nashriyot kompaniyasi hisoblanadi. THE agentligi asosan Thomson Reuters maʼlumotlariga tayangan holda 400 ta eng ilgʻor dunyo universitetlarining reytingini tuzadi va har yili sentyabr – oktyabr oylarida reytingni yangilab turadi. THE metodologiyasining oʻziga xosligi shundaki, tanlangan indikatorlar tekshirish uchun juda qulay va oson boʻlib, mavhum holatlar uchramaydi.
Ushbu tashkilotlar reytinglarida yuqori oʻringa ega boʻlish uchun dunyo universitetlari oʻrtasida sogʻlom raqobat mavjud. Chunki dunyo yoshlari aynan xalqaro jamoatchilikda ijobiy imijga ega muassasada taʼlim olishni istaydi. Bunday universitetlarga talabning oshishi ularning moliyaviy barqaror rivojlanishiga zamin yaratadi. Mazkur nufuzli agentliklar reytingida birinchi mingtalikka kirgan OTMlarning diplomi butun dunyoda tan olinadi.
2023-yilda Times Higher Education (THE) Xalqaro reyting agentligi tomonidan elon qilingan jahonning nufuzli universitetlari (THE Impact Rankings 2023) reytingida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti top 600+ universitetlar roʻyxatiga kiritildi. Ikkinchi yildagi ishtirokning oʻzidayoq qariyb 400 oʻringa yuqorilash misli koʻrilmagan ijobiy natijadir. Ayniqsa, gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlar taʼlimiga qaratilayotgan eʼtibor (SDG5) boʻyicha dunyoning top-20 universiteti qatoridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining ham oʻrin egallagani misli koʻrilmagan natijadir.
Ushbu reytingdan oʻrin egallash yoʻlida universitetimiz 17 yoʻnalishdagi Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs) orasidan beshtasida ishtirok etdi. Universitet Sifatli talim taʼminlash (SDG4) boʻyicha saralangan 1500 dan ziyod dunyo universitetlari orasida faxrli 200+ natijani qayd etdi. Qashshoqlikka barham berishga koʻmaklashish (SDG1) va Tinchlik va adolatli taʼlimni kafolatlash (SDG16) koʻrsatkichlarida 200+, Muvaffaqiyatli hamkorlik boʻyicha (SDG17) esa 800+ natijani qayd etdi. Bu eng avvalo, universitetda taʼlim va tarbiya jarayonining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani, jamoaning tizimli va samarali faoliyati natijasidir.
Ammo erishilgan bu yutuq va qoʻlga kiritilgan natijalar bugun bizni toʻliq qoniqtiradimi? Albatta, yoʻq. Maʼlumki, inson tabiati, uning ruhiyati doimo oʻzgarishga, takomillashuvga moyil. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston tarixida birinchi marta kuchli 600 talikka kirishimiz yetarli emas, chunki universitetning salohiyati, taʼlim sifati yanada yaxshi koʻrsatkichlarga erishish uchun ham yetadi. Yildan yilga xalqaro hamkorlik aloqalari rivojlanib boryapti, xorijlik talabalar oqimi oshyapti, ilmiy salohiyatimiz yanada yaxshilanyapti.
Bir soʻz bilan aytganda, tamadduniy hodisalar har qanday xalqning ilm-maʼrifat tizginini mahkam tutib, aniq maqsadlar sari yakdil odimlashidan boshlanadi. Qachonki millat tarixiy taraqqiyoti davomida ilm-fanni, insoniy qadriyatlarni rivojlantirish yoʻlidan izchil borsa, Renessans hodisasi yuz beradi. Yangi Oʻzbekiston esa aynan ana shu yoʻldan bormoqda.
Nozliya Normurodova,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili
va adabiyoti universiteti prorektori,
filologiya fanlar doktori