Tamaki va alkogol mahsulotlariga aksiz markalarini qoʻllash tartibi belgilandi

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qoʻmitasining “Oʻzbekiston Respublikasida tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarga aksiz markalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

    Yoʻriqnoma tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarga aksiz markalarini berish, qayd etish, saqlash va qaytarish tartibini belgilaydi.

    Aksiz markalari bilan markalanadigan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarni ishlab chiqaruvchi korxonalar “Davlat belgisi” DUKga quyidagi shaklga muvofiq aksiz markalarini xarid qilishga buyurtmanoma bilan murojaat etadi.

    Importchilar Bojxona qoʻmitasining hududiy organlariga belgilangan shakldagi buyurtma bilan murojaat qiladilar.

    Quyidagi aksiz tovarlarni markalash majburiy emas:

    • respublikadan tashqariga eksport qilinayotgan;
    • bojsiz savdo qiluvchi doʻkonlar uchun respublika hududiga keltirilayotgan;
    • Vazirlar Mahkamasining ruxsatnomasi boʻlgan taqdirda, koʻrgazmalar oʻtkazish uchun keltirilayotgan;
    • xalqaro tranzit boʻyicha Oʻzbekiston olib kelinayotgan va olib chiqishga moʻljallangan;
    • jismoniy shaxslar tomonidan belgilangan aksizsiz olib kirish meʼyorlari doirasida keltirilayotgan.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 01.11.2024-yildan kuchga kirdi.