Taʼmirlash uchun yopilgan yerusti metro bekatlarining qayta ochilishi 1-noyabrgacha kechiktirildi

    Toshkent metropolitenining “Yerusti halqa yoʻli” yoʻnalishi yaqin kunlarda yoʻlovchilar uchun faoliyatini qayta boshlaydi, deya xabar beradi “Toshkent metropoliteni” DUK.

    Aytilishicha, hozirda yoʻnalishda poyezdlar sinov tariqasida (yoʻlovchilarsiz) harakatlanmoqda.

    “Texnopark – Qipchoq” bekatlari oraligʻida joylashgan 14 ta bekatda xavfsizlikni taʼminlash va xizmat sifatini oshirish maqsadida keng koʻlamli tekshiruv va taʼmirlash ishlari olib borildi.

    “Profilaktika doirasida yoʻl holati toʻgʻrilandi, nosoz shpallar almashtirildi, drenaj tizimi tekshirildi, shagʻallar holati nazoratdan oʻtkazildi, deyiladi xabarda.

    Taʼkidlanishicha, dastlab yoʻnalishning 18-oktyabr kuni qayta ishga tushishi ehtimol qilingan edi. Biroq sinov jarayonlarini takomillashtirish va kelgusida poyezdlar harakatini ikki barobar tezlashtirish, oraliq intervallarni qisqartirish maqsadida ochilish sanasi joriy yilning 1-noyabri atrofiga koʻchirildi.

    Sinov natijalari muvaffaqiyatli yakunlanib, barcha texnik talablar toʻliq tasdiqlangandan soʻng, yoʻnalish yoʻlovchilar uchun rasman ochiladi.