Toshkent viloyati Angren shahar IIBga 25 yoshli T.Feruza ariza bilan murojaat qilib, unda tanishi 22 yoshli T.Sardorbek joriy yilning aprel oyi boshlari uning uchun sir saqlanishi lozim boʻlgan nojoʻya koʻrinishdagi suratlarini sobiq turmush oʻrtogʻiga “Telegram messenger” orqali yubormasligi evaziga 300 AQSH dollar talab qilib, u ushbu pullarni bera olmaganidan soʻng uning suratlarini “Telegram messenger” ijtimoiy tarmogʻida tarqatib yuborganligini maʼlum qilgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, T.Sardorbek T.Feruzadan tovlamachilik yoʻli bilan pul talab qilgan sms yozishmalari borligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Angren shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan T.Sardorbekka nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.