Tadbirda taniqli yozuvchilar, shoirlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Neʼmat Aminovning “Tanlangan asarlari”ga “Yolgʻonchi farishtalar” romani, “Bir asr hikoyati” qissasi, bir qancha hajviy hikoyalari kiritilgan, — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ashurali Joʻrayev. — Adibning hajvchilik ijodi adabiyotda oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, “Bir asr hikoyati” asarida milliylik, xalqchillik tushunchasi yaqqol namoyon boʻlgan. Neʼmat Aminov otasidan eshitgan voqealar va hikmatlar asosida yaratilgan bu qissada Sharq kishisining ajoyib obrazini koʻramiz. Adib asarlarining mazmun-mohiyati oʻquvchini hayot haqida, inson haqida mushohada qilishga undaydi. Uning ijodi chuqur ijtimoiy ahamiyatga egadir. Asarlari hajv yoʻli bilan odamzodning quvonchu tashvishlarini ochiq ayta oladi.
Shuningdek tadbir adibning ijod yoʻli va asarlarining mohiyati haqida ishtirokchilar tomonidan fikrlari bildirildi.
***
Maʼlumot uchun: Neʼmat Aminov 1937-yil 17-iyulda Buxoro viloyatining Romitan tumanida tugʻilgan. Buxoro pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini tamomlagan. Viloyat radioeshittirish qoʻmitasida muharrir va bosh muharrir, “Mushtum” jurnalida masʼul kotib, bosh muharrir, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharrir oʻrinbosari, Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi rahbari boʻlib ishlagan.
Birinchi hajviy hikoyalar toʻplami — “Ikki pullik obroʻ” 1966-yilda nashr etilgan. Soʻng “Qirq uchinchi pochcha”, “Labihovuz xandalari”, “Chinorlar qoʻshigʻi”, “Yelkasiz polvon”, “Oʻgʻri mushukcha”, “Qahqaha”, “Yallama-yorim”, “Cholbolaning ertaklari” va boshqa hajviy toʻplamlari eʼlon qilingan. 1976-83-yillarda “Yolgʻonchi farishtalar” hajviy romanini yaratdi. Neʼmat Aminov asarlari bir qancha xorijiy tillarga tarjima qilingan.
Aziza SHAROFIDDINOVA,
OʻzJOKU talabasi