Bir suhbatda mendan “Siz adabiyot insonni kamol toptirishiga, koʻngliga ezgulik, ulugʻlik urugʻlarini ekishiga, insoniyatni qandaydir boshqarishiga ishonasizmi?” deb soʻrashgan edi. “Qandaydir” emas, toʻppa-toʻgʻri (maʼnoda) boshqaradi”, dedim. Agar goʻzallik, ezgulik urugʻini koʻngil (sahrosi, zamini)ga adabiyot ekmasa, boshqa narsa ekolmaydi. Hatto dinu diyonat, iymon ham adabiyot orqali mustahkamlanadi. Yoshim saksonga yaqinlashmoqda, necha yilki, meni Hazrati Yassaviy, Hazrati Navoiy, Ergash Jumanbulbul, Choʻlpon, Q.Muhammadiy, A.Qodiriy boshqarib keladi. Bu zotlarning har biri oʻz yoʻli (janri)ning piri, ruhlarini shod qilaylik.
Adabiyot insoniyat (koʻngli)ni boshqaradi. Qoʻrqitib boshqaruvchi tizimlar mavjud boʻlgan, biroq muvaqqat. Chunki xalq va adabiyot buyukdir. Qodiriyda yuz Anvar, ming Otabek kuchi boʻlgani aniq.
Kuni kecha kech soat oʻn birda mukofotlanganim haqidagi xabarni yetkazishganida Prezidentimizning men bilgan ana shu haqiqatlarni anglashini, mard va jasur inson ekanligini chin dildan his qildim. Shu kungacha davralarda va suhbatlarimda jamiyat va hukumat haqida juda koʻp tanqidiy mulohazalar bildirib kelganman. Lekin aynan bugun men davlatimiz rahbarini maqtayman. Chunki men aytgan tanqidiy mulohazalarim uchun jazo kutgan edim, mukofot oldim!
Kechadan beri adabiyot ixlosmandlari qilgan qoʻngʻiroqlardan, shoiru yozuvchi doʻstlarimizning tabriklaridan, xursandchiliklaridan boshim aylanib ketdi hatto...
Agar davlatimiz rahbari bizni jamiyatdagi kamchiliklarni toʻgʻri tanqid qilayotganimiz uchun ragʻbatlantirayotgan ekan, demak, biz bu tarixiy kunlarga shukrona keltirishimiz, bu inson eʼlon qilayotgan qarorlarni targʻib etishda bor kuchimiz va salohiyatimizni sarflashdan aslo tolmasligimiz kerak, deb bilaman. Muammolarimiz qanchalik tez hal boʻlsa, jamiyatimiz ham shunchalik tez rivojlanadi. Qaysiki davlatda taraqqiyot boʻlayaptimi, demak, oʻsha davlatda rahbarlar ziyolilar fikriga, mulohazalariga hurmat bilan munosabatda boʻlayotganini sezish mumkin.
Menday bir oddiy ijodkorning kamtarona xizmatlarini taqdirlashyaptimi, ishonavering, biz chindan ham ezgu maqsadli, yuksak shijoatli rahbar bilan bir safda turib millatimiz ravnaqi uchun xizmat qilayapmiz. Bundan juda faxrlanaman!
Yoʻldosh ESHBEK,
Respublikada xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi