Tanzaniya va Oʻzbekiston aviatsiya hukumatlari oʻrtasida kelishuv imzolandi

    Bu esa oʻz navbatida Oʻzbekistonining turistik kompaniyalari hamda aviakompaniyalari uchun tranzit turistlar oqimini rivojlantirishga ajoyib imkoniyat hisoblanadi.

    ICAN-2024 tadbiri doirasida Transport vazirligi delegatsiyasi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi qoʻllab-quvvatlovi bilan yangi yoʻnalishlarda aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator davlatlar bilan kelishuvlar olib borilmoqda.

    Navbatdagi muzokaralar Tanzaniya birlashgan respublikasi bilan boʻlib oʻtdi. Muzokaralarda tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida yuk va yoʻlovchi tashuvlarini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq masalalarini koʻrib chiqishdi.

    Muzokaralar yakunida ikki mamlakat oʻrtasida yoʻlovchi tashish boʻyicha haftasiga 21-marta, yuk tashish boʻyicha esa cheksiz aviaqatnovlarni amalga oshirishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishuv imzolandi.

    Tanzaniya Oʻzbekiston uchun mutlaqo yangi yoʻnalish hisoblanadi. Mamlakat oʻzining moʻtadil ob-havo sharoiti, Maldiv orollari bilan bellasha oladigan zilol suvlariga ega Zanzibar oroli, yovvoyi tabiat qoʻynidagi savannalari hamda sarguzashtlarga boy Klimanjaro togʻlari bilan turistlar eʼtiborini, shuningdek qahva, choy, kakao, gullar va tropik mevalari bilan savdogarlar eʼtiborini tortib keladi.

    Bu esa oʻz navbatida Oʻzbekistonining turistik kompaniyalari hamda aviakompaniyalari uchun tranzit turistlar oqimini rivojlantirishga ajoyib imkoniyat hisoblanadi. Shuningdek, Tanzaniya aholisi uchun Oʻzbekistonga ziyorat turizmini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Turizm qoʻmitasi hamda aviakompaniyalar uchun yangi eshiklarni ochadi.