Tanzila Narbayeva: Ayoliga zoʻravonlik qilayotgan shaxslarga nisbatan koʻrilayotgan choralar yetarli emas

    Mamlakatimizda 19 Noyabr 2021 1270

    1-yalpi majlis davomida Senat raisi hozir joylarda nodavlat-notijorat tashkilotlari tomonidan ayollarni reabilitatsiya qilish markazlari ham faol ish olib borayotgani haqida fikr bildirdi.

    – NNT tomonidan ayollarni reabilitatsiya qilish markazlari xalqaro standartlar asosida ish olib boryapti, – dedi T.Narbayeva. – Biz xotin-qizlarga ijtimoiy yordam berishda ularning tajribasidan ham foydalanishimiz kerak. Shuningdek, mazkur yoʻnalishda kadrlar salohiyati masalasi ham muhim. Kimlar ayollarni reabilitatsiya qilyapti? Kimlar ayollarga psixoligik, ijtimoiy-huquqiy yordam beryapti? Bu borada ham yetarlicha muammolar bor.

    Bundan tashqari, bugungi kunda yordamga muhtoj ayollarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan himoya orderi berilyapti. Lekin oʻsha ayoli bir oydan soʻng yana zoʻravon eri bilan hayotini davom ettiradi. Yana boshqatdan avvalgi salbiy holatlar boshlanadi.

    Shuning uchun biz birinchi navbatda bu toifadagi ayollarni toʻliq normal hayotga qaytarish choralarini koʻrishimiz kerak. Ularni “Ayollar daftari”ga kiritib, uy-joy masalasi, kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash chorasini koʻrish lozim. Bu ham inson huquqi, ayol huquqi. Ayoliga zoʻravonlik qilayotgan shaxslarga nisbatan koʻrilayotgan choralar yetarli emas. Garchand ular qonunchiligimizda belgilangan boʻlishiga qaramay. Shunday boʻlsa ham bu boʻyicha ishlarni tizimli nazoratga olish kerak.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.