Tadbirda PA Raisi D. Pacheko, Ittifoq Bosh kotibi M. Chungong, Parlamentlarning ayol aʼzolari forumi byurosi rahbari R. Al-Mansuriy va Parlamentlarning yosh aʼzolari forumi kengashi rahbari S. Al-Bazar, shuningdek, milliy parlamentlar rahbarlari ishtirok etdi.
Videokonferensiyada koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish vaziyati, pandemiya natijasida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarni yengib oʻtish yoʻllari va jahon mamlakatlari parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik muhokama qilindi. Shuningdek, har bir davlatning bu yoʻnalishdagi tajriba va yutuqlari hamda vaksinalardan teng foydalanish imkoniyatlarini taʼminlash toʻgʻrisida axborot almashildi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining PAdagi doimiy delegatsiyasi rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T. Narbayeva nutq soʻzladi va mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish, aholini ijtimoiy himoya qilish, tadbirkorlik subyektlarini iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash hamda koronavirusga qarshi aholini emlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berdi.
Videokonferensiya ishtirokchilari tomonidan pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy taʼsirini yumshatishga qaratilgan tezkor qonuniy chora-tadbirlar, butun jahon aholisining vaksina olish imkoniyatlarini taʼminlash zarurligi alohida taʼkidlandi.
Tadbir formati vakillarga oʻzlarini qiziqtirgan savollar berish va kun tartibini muhokama qilishda faol ishtirok etish imkonini berdi. Ushbu tadbir jahon parlamentlari aʼzolarining huquqiy xabardorligi darajasini oshirishga, shuningdek, ushbu sohada ilgʻor tajriba almashishga xizmat qiladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Assambleya 2021-yil 28-may kunigacha davom etadi.