— Senat yalpi majlisi onlayn tarzda boʻlayotgani uchun minglab internet foydalanuvchilari gaz va elektr muammosini qachon hal qilasizlar, degan savol bilan bizga murojaat qilishyapti.

“Sizlar oʻzi gaz-chiroq yoʻqligini eshitasizlarmi? Jurnalist, blogerlarni, aholining gaplarini kuzatasizlarmi oʻzi?” degan savollarni berishmoqda.

Albatta kuzatamiz. Mana, shu yerda oʻtirib ham, yuzlab-minglab izohlarni oʻqib oʻtiribmiz.

Hurmatli hamyurtlar, men sizlarga ommaviy axborot vositalari orqali vaʼda beraman — bu muammo albatta oʻrganiladi. Bizda byudjet masalalari va tadbirkorlikni rivojlantirish bilan shugʻullanadigan qoʻmitamiz bor, gaz-svet boʻyicha shugʻullanadigan alohida qoʻmita yoʻq. Ana shu qoʻmitadan iltimos qilamiz — mana, hozir minglab aholining murojaatini eʼtiborga olib, energiya taʼminoti masalasini maxsus oʻrganib chiqishingizni soʻraymiz.

Nima uchun joylarga gaz-elektr yetib bormayapti? Tegishli mutasaddilardan ushbu savolga javob olishimiz kerak. Chunki hozir mablagʻdan muammo yoʻq. Nega unda hududlarga yetib bormayapti va xalqimizning eʼtirozlariga sabab boʻlyapti? Bu masalani tez kunlarda oʻrganib chiqamiz va albatta navbatdagi yigʻilishimizda xalqqa axborot beriladi.